Raqamdan qo’rqqan biznes, bozordan qo’rqishni boshlaydi
Oxirgi haftalarda Dashboard loyihamiz bo’yicha juda ko’p uchrashuv qilyapman. Online, offline - kuniga bir nechta. Va deyarli har birida bir xil manzarani ko’ryapman.
Rahbar o’tiradi. Biznesini yaxshi biladi. Jamoasini biladi, mahsulotini biladi, bozorini biladi. Lekin
“o’tgan oy foydangiz nega tushdi?” degan savolga aniq javob bera olmaydi.
Taxmin bor. Sabab yo’q.
Va aynan shu joyda eng qimmat qarorlar tug’iladi.
Qanday bo’ladi: qo’lingizda bitta raqam bor - sotuv tushgan. Siz shu raqamga qarab sotuv menejeringizga bosim qilasiz. Skript yozdirasiz, plan qo’yasiz, jarima kiritasiz. Odam charchaydi, jamoada zo’riqish paydo bo’ladi.
Ikki oydan keyin ma’lum bo’ladi: sotuv tushmagan ekan - lidlar oqimi tushgan. Lidlar oqimi ham o’z-o’zidan tushmagan ekan - bitta kanalda lid narxi ikki barobar oshgan. Ya’ni muammo sotuv bo’limida emas edi. Siz esa ikki oy davomida noto’g’ri odamni davoladiz.
Bu - pul yo’qotish emas. Bu - vaqt yo’qotish. Pulni qaytarib topasiz. Vaqtni yo’q.
Ikkinchi tarafi bundan ham qiziq.
Suhbatlarda tez-tez shu javobni eshitaman:
“Yo’q, hozircha raqamlarni ochmaylik. Keyin muammo ko’rinib qoladi.”
Bir necha marta eshitgach tushundim: bu tasodif emas. Bu - tizimli qo’rquv.
Odam raqamdan qo’rqmaydi. Odam raqam ko’rsatadigan haqiqatdan qo’rqadi. Chunki raqam chiqishi bilan javobgarlik ham chiqadi. Kimdir “men bu bo’limni boshqaraman” degan gapini endi isbotlashi kerak bo’ladi.
Lekin mantiqni bir daqiqa sekin o’ylab ko’ring.
Raqam muammoni yaratmaydi. Raqam muammoni faqat nomlaydi.
O’sha muammo kecha ham bor edi, bugun ham bor. Har kuni pulingizni yeb turibdi. Yagona farq - siz bilasizmi yoki yo’q.
Ko’rmaslik muammoni yo’qotmaydi. Ko’rmaslik faqat sizni tinch uxlatadi. Bozor esa siz uxlaganda ham ishlab turadi.
Shuning uchun men bitta oddiy gapni takrorlayveraman: korxona ham check-up qilib turishi kerak.
Odam yiliga bir marta tekshiruvdan o’tadi. Nega? Kasal bo’lgani uchun emas - kasal bo’lib qolmasligi uchun. Erta ko’rilgan muammo arzon. Kech ko’rilgani qimmat.
Biznesda ham xuddi shunday. Oyiga bir marta o’z raqamlaringizga sovuqqonlik bilan qarash - bu zaiflik emas. Bu kuch.
Va hozirgi bozorda bu shunchaki maslahat emas. Raqobatchingiz sizdan aqlliroq bo’lmasligi mumkin. Mahsuloti ham sizniki darajasida bo’lmasligi mumkin. Lekin u ko’rsa, siz ko’rmasangiz - u yutadi. Chunki u haftasiga qaror qabul qiladi, siz choragiga bir marta.
Bu urushda g’alaba tezlikda emas. Aniqlikda.
Endi amaliy qismi. Postni o’qib, yopib qo’ymang.
Hoziroq telefoningizni oling va menejeringizga bitta savol yozing:
“O’tgan oy bitta mijoz bizga qanchaga tushgan?”
Soatga qarang.
• Javob 5 daqiqada keldi - tizimingiz bor.
• Ertaga keldi - tizimingiz zaif.
• “Hisoblab, keyin aytaman” deb yo’qolib qoldi - tizimingiz yo’q.
Qaysi variant chiqdi? Menga yozing.
Keyingi postda rahbarlar deyarli hech qachon o’lchamaydigan, lekin foydani eng ko’p yeydigan 3 ta ko’r nuqtani ochib beraman.
Scaleup |
@scaleupuz