avatar
Muhrim / Муҳрим
@muhrim
06.08.2026 08:15
Muhrim / Муҳрим Фото: Ukrainaning Rossiyaga dron zarbalari, o‘zbekchasiga aytganda, “Dolzarb 40 kunlik” degan tadbir doirasida bo‘lganini kuni kecha bilib qoldim (aslida “40 kunlik ta’sir operatsiyasi”. 40 kun Rossiyani dronlar bilan shunday uramizki, birinchidan, rossiyaliklarning o‘zi ham his qilsin urushni, ikkinchidan, butun dunyo ko‘rsin Rossiyaning ahvolini va bizning qudratimizni, degandek maqsadlar bo‘lgan, deb yozishibdi, qayerdadir. Tan berish kerak, Rossiyaning jig‘ini ancha ezib qo‘ydi ukrain tushmagurlar. Neft zavodlarini ishdan chiqarishlar, benzin shoxobchalaridagi kilometrlik navbatlar, ulkan logistika markazlarining kulga aylantirilishi — to‘rt yil avval Rossiya shu ahvolga tushadi desa birov ishonmasdi. Hozir esa butun dunyo Rossiyaning achinarli ahvoli haqida gapiryapti. Endi, Ukrainadagi “Dolzarb 40 kunlik” tugagan vaqtda, bizning jonajon Vatanimizda boshqa bir “Dolzarb 40 kunlik” boshlanib qoldi. Bu 40 kunlikning quroli — innovatsion dronlar emas, balki o‘zimizning eski, qo‘pol, dag‘al hokimbuvayu raisbuvalar. Ukrainaning “Dolzarb 40 kunligi” bu mamlakat qudratini dunyoga qanday ko‘z-ko‘z qilgan bo‘lsa, bizdagi “Dolzarb 40 kunlik” ham tez orada qandaydir dong‘imizni chiqaradi. Chunki allaqachon ruscha nashrlar bu dolzarb mavzu haqida yozib bo‘ldi, ulardan hali boshqalar ham oladi, ijtimoiy tarmoqlar kulgiga to‘lyapti va to‘lishida davom etadi, eh-he, ishqilib, Sirdaryodagi madhiya vaqti qo‘lini qayerga qo‘yishni bilmagan ofitserlardek mashhurlik kutyapti. Xuddi shu vaqtda Qashqadaryodan bir kishi yozyapti: Quyidagi suratda ko‘rsatilgan eslatma varaqasini tashlab ketgan mahalla xodimining aytishicha, agar uyning hojatxona, hammom, oshxona qismlari tozaligi qoniqarsiz bo‘lsa, bizga 5,2 mln so‘m jarima solinarkan. Xodim bu haqda og‘zaki ogohlantirdi, ammo Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning qaysi moddasiga asoslanayotganini so‘rasam, tayinli javob bera olmadi. Eng qizig‘i, bu talablar qanday qonuniy asosga ko‘ra ilgari surilayotganini so‘rasam, u hadisdan misol keltirdi. Mahalla xodimining rasmiy faoliyatiga hadisning nima aloqasi borligini so‘raganimda esa: “Hadis — O‘zbekistonda ikkinchi asosiy kitob”, deb javob berdi. Mana shunaqa ahvol. Ukrainaning Rossiyaga qarshi “Dolzarb 40 kunligi”ni havas bilan tomosha qilib, o‘zimizning hokimbuvayu raisbuvalarning fuqarolarga qarshi “Dolzarb 40 kunligi”dan eson-omon chiqib olish hammamizga nasib qilsin! Mustaqilligimizning 35 yilligini zo‘r kayfiyatda kutib olaylik!
Shahrisabz hokimining xatti-harakatlari elga ovoza bo‘lganiga ham, mana, Xudo xohlasa, 72 soat bo‘lyapti, shekilli. Buyoqdan yana yangi-yangi sharmandalar, uyatsizlar chiqib turibdi. Es-hushi joyida bor hamma bu vallomatlarning qilayotgan ishlari odamgarchilikka ham, qonunchilikka ham to‘g‘ri kelmasligini aytyapti. Boshida davlatga aloqador bir-ikki tuzilma ham nimadir degandek bo‘ldi, ammo “yuqori”dan boshqa reaksiya bo‘lgani yo‘q.

Bo‘ladiganga ham o‘xshamayapti. Joylardagi davlat xizmatchilarining bunday chidab bo‘lmas harakatlari — shuncha shovqin-suron va e’tirozlarga qaramay — hozirgidek jim kuzatib turilaversa, demak, “bu davlat siyosati ekan”, “bu quyi bo‘g‘indagi uquvsiz ijrochilarning yana bir farosatsizligi emas, balki butun hokimiyat tizimining ongli qarori va harakati ekan”, degan xulosaga kelish mumkinmi?

Umuman, Mustaqillik bayrami arafasida shu bayram nomi bilan qilinayotgan bu ishlar qandaydir yakkam-dukkam holatlar yo xususiy tashabbuslar emas, balki umummilliy kampaniya ekanini ko‘pchilik anglab bo‘ldi. Lekin bu ishlar qanchalik qonuniy? Aholini “uyingni tozalamasang, falon mln so‘m jarimaga tortilasan?”, deb terror qilish uchun qonuniy asoslar bormi? Bu jarayonda aholining haq-huquqlari qanchalik buzilyapti?

Davlatimizda bu savollarga javob bera oladigan dunyo jahon tuzilmalar bor: Inson huquqlari bo‘yicha markaz (eng zo‘ri shu o‘zi — rahbari Senat raisi Senat raisligidan boshqa ishni qilishga umuman majbur emasligini isbotlab bergan axir!), Bosh prokuratura (qonuniylik bo‘yicha qandaydir baho berishi mumkin-ku), oxir-oqibat, butun boshli Adliya vazirligi. To‘g‘rimi?

Biror munosabat bildiring siz ham. Iloji bo‘lsa, bo‘layotgan ishlar to‘g‘ri yo noto‘g‘ri, deb dangalroq ayting. Siz ham uyma-uy yurib, hojatxona, hammom va oshxonalarni tekshirib yurgan bo‘lmasangiz agar.
29 6.9K

Обсуждение 0

Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.

Обсудить в Telegram

Muhrim / Муҳрим

14.2K
Gap bormi? Marhamat — @muhrimchatbot

Tijoriy takliflar uchun @Eightmediamaker’ga murojaat qiling.
Открыть в Telegram