Muhrim / Муҳрим
Kuni kecha Toshkentning “Bunyodkor” futbol klubi, puli yo‘qligi uchun, O‘zbekiston Superligasi doirasida Navoiy shahrida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan “Qizilqum”ga qarshi safar o‘yiniga bora olmasligini rasman ma’lum qilgandi.
Ma’lumot uchun, bu o‘sha — 2007–2010-yillarda tarkibida O‘zbekiston va jahon futboli yulduzlari o‘ynagan, braziliyalik murabbiyi jahonda eng ko‘p maosh oluvchi mutaxassisga aylangan, dong‘i dunyoga ketgan “Bunyodkor”. Endi, mana, pulsizlik bilan ham nomi chiqdi.
Bugun endi “Bunyodkor” matbuot xizmati bunday xabar tarqatibdi:
“Klubimizga hukumatimiz tomonidan amaliy yordam berila boshlandi. Xususan, kecha O‘zbekiston prezidentining 2026 yil 24 martdagi PQ-107-son “Sport sohasini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish va sohaga tadbirkorlik subyektlarini jalb qilishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida “Bunyodkor” futbol klubiga 5 milliard so‘m ajratildi”.
Hukumatimizga qoyil, “Bunyodkor”ning so‘nggi ikki-uch kunda ayniqsa baland chiqqan “yig‘isi”ga (aslida “Bunyodkor” yil boshidan beri, “O‘zbekneftgaz”dan oxiri ko‘rinmas cho‘ntagidan ayrilib qolganidan beri dodlaydi) zo‘r hotamtoylik bilan munosabat ko‘rsatibdi. Ha endi hukumatimiz zo‘r-da, boyvochcha; mana, shartta 5 mlrd so‘m ajratibdi. Maydalashmabdi: 1 mlrd emas, 3 mlrd emas, birdan 5 mlrd. Yetmay qolsa, yana berar. Qoyil.
Ayniqsa shunisiga qoyil: hukumatimiz xohlasa qonuniy asos topib istaganiga milliardlab so‘m pul bera olarkan. Mana shunisi men kutgan yangilik bo‘ldi. Juda kutgandim buni.
Endi, o‘rtoq hukumat, gap bundoq: iltimos sandan, hurmatingni qilib “iltimos” deyapman — tezda bir qonuniy asos topgin-da, “Dok-1 Maks” voqeasi oqibatida farzandsiz qolgan oilalarga, farzandi nogiron bo‘lib qolgan oilalarga sud tomonidan belgilangan kompensatsiya pullarini to‘lab ber. Ishonchim komil, san hukumat bo‘lib bunga qonuniy asos ham, yetarlicha pul ham topa olasan. Hech bir bahonasiz (endi bahona o‘tmas).
Chunki, hukumatjon, o‘zing ham tushun: “Bunyodkor”ning balandroq chiqqan bir yig‘isiga ikki kunda 5 mlrd so‘m topib bera olganingdan keyin, buyoqda farzandsiz qolgan, farzandi nogiron bo‘lib qolgan 100 ga yaqin oila ularning qonuniy haqi uchun zarur pul nima uchun to‘rt yildan beri topilmayotganini endi ortiq tushunolmaydi va kuta olmaydi ham.
Uyal, hukumatim, uyal — yaqinda “Dok-1 Maks” voqeasiga to‘rt yil bo‘ladi. Bu oilalar kamida uch yildan beri, sud qarori chiqqanidan beri umidvor shu puldan. O‘tgan vaqt ichida ularning ahvoli, ehtimol, yanada og‘irlashgandir. Shuncha vaqtdan beri biror vaziring borib rostmana, tuzukroq xabar ham olmagan-a! San bo‘lsa “Bunyodkor”ga 5 mlrd so‘m ajratasan buyoqdan!..
Uyal! Va, iltimos — “Dok-1 Maks” voqeasi jabrlanuvchilariga belgilangan kompensatsiya pullarini shu kunlarda to‘liq to‘lab ber.
Futbol mavzusi yana ochilib qolganiga, “Bunyodkor”ga ajratilgan 5 mlrd so‘m masalasida yana bir gap.
Aytishdiki, bu 5 mlrd — yil boshida Superliga klublarining har biriga va’da qilingan 35 mlrd so‘mlik yordam pulining bir qismi ekan. Avvalroq “Bunyodkor”ning o‘zi ham “klubimizga 2026-yilda ajratilishi lozim bo‘lgan 35 mlrd so‘mning ikkinchi 10 mlrd qismini tezroq olish” bo‘yicha ish olib borayotganini e’lon qilgan ekan. O‘zim mavzuga ozgina chuqurroq kirmaganim, “hukumat bir futbol klubiga 5 mlrd so‘m ajratibdi”, degan gapni o‘qib, lovullab yonib, o‘zimcha
bir narsalar yozib yuborganim — aybim; boshqalarni ham o‘zim kabi chalg‘itib qo‘yganim uchun uzr.
Endi, har xil odamlar shu 5 mlrd kimning cho‘ntagidan ajratilgani borasida har xil gap aytdi. “Bunyodkor”ning o‘zi “hukumatimiz”
dedi, yana kimdir shunday dedi, “pul davlat hisobidan”, deb. Qayerdandir yana: “Davlat 10 mlrd berishi kerak edi, shuning uchun “Bunyodkor” ham
avvaliga 10 mlrd deb yozgan. Hozirgi 5 mlrd so‘mni esa davlat 10 mlrdni bergan vaqti qaytarish sharti bilan O‘FA bergan”, degan gap ham chiqdi.
Mana shu joyida baribir savollar ko‘payaveradi. Superliga klublariga 35 mlrd so‘m (salkam 3 mln dollar)dan ajratish — ko‘p ham oqilona ish emas, lekin yil boshida, baribir kutilmaganda bir necha klub homiysiz, pulsiz qolishi e’lon qilinganidan keyin berilgan bu vaqtinchalik yechimni tushunishga harakat qilasan kishi. Lekin buning uchun kamida ikki shart bajarilishi kerak:
1. Davlat qachon, qaysi klubga qancha pul ajratayotgani haqida ochiq-oydin, oshkora ma’lumot berib borishi shart;
2. Davlatdan 35 mlrd so‘mlik yordam olayotgan klublar xarajatlari va daromadlari haqidagi ma’lumotlarni to‘liq (qaysi moddaga qancha pul yo‘naltirilganini aniq ko‘rsatgan holda) ochiqlashi shart.
Masalan, “Bunyodkor” klubi rahbari Murod Aliyev
bir intervyusida “klub o‘z sa’y-harakatlari bilan (haligi va’da qilingan 35 mlrd so‘mdan tashqari) 11 mlrd so‘m pul topgani” haqida aytgan. Endi bilyapmizki, bundan tashqari boyagi 35 mlrd so‘mdan 10 mlrdini ham olgan, ya’ni, kamida 21 mlrd so‘m pul bo‘lgan.
Nega boshqa biror klub shu kabi inqirozga uchramay, aynan “Bunyodkor” shunday ahvolga tushganini tushunish uchun ham xarajatlarni ko‘rish kerak. Shuncha pul topib ham, akademiyasi, bazasi svetsiz, suvsiz o‘tirgan bo‘lsa, ular o‘zi pulni qanday sarflayapti, puli qayerga ketyapti — buni bir ko‘rib chiqish kerak. 35 mlrd oladigan klublarning hammasi o‘z xarajatlarini ochsa, “Bunyodkor” qayerda qanday xato qilayotgani ham yaqqol ko‘rinar, balki.
Birgina Rivaldo oldidagi qarz sabab “Bunyodkor” moliyaviy inqirozga uchrayotgan bo‘lsa, u holda, ehtimol, umuman boshqacha yondashuv qilish kerakdir. Qog‘ozda bu qarz “Bunyodkor”niki, lekin amalda uni kim “yasagan”? Davlatimiz bu ishga jiddiy kirishsa, menimcha, bu qarz mualliflarini ham topa oladi, ular hisobidan bu qarzni yopishni ham eplaydi.
Va, bu gap takror bo‘lsa ham, hozirgidek 10 mlrd so‘m ajratilishi kutilgan joyda “hukumatimiz “Bunyodkor”ga 5 mlrd so‘m ajratdi” degandek manipulyatsiyalar bo‘lmasligi uchun ham hukumatimiz kimga qancha pul ajratayotganini ochiqlashi shart.
Обсуждение 0
Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.
Обсудить в Telegram