avatar
Orif Tolib
@oriftolib
30.05.2026 16:20
Sunʼiy intellekt davridagi “tosh davri” byurokratiyasi
 
Taniqli yozuvchi va adabiyotshunos olim (DSc) Saʼdullo Quronovning ilmiy ishlarni baholash tizimi va sunʼiy intellekt (SI) haqidagi postini oʻqidim. Sohani isloh qilish boʻyicha asosli takliflar qancha koʻp berilsa, shuncha yaxshi. Shu sababli uning “Ilmiy ishlar borasidagi bunaqa anʼanaviy muhokamalarga kech qoldik” degan fikriga unchalik qoʻshilmayman – aksincha, holatni tahlil qilib, yechim izlashning ayni vaqti deb hisoblayman. Aks holda rostdan ham kech qolishimiz mumkin.
 
SI imkoniyatlari borasidagi baʼzi xulosalarni biroz toʻldirishni istardim. “SI bemalol PhD darajasidagi ishni (hozir himoya qilinayotgan ishlarga qiyosan olinganda) yozadigan holatga yetdi” degan gapda qavs ichidagi qochirim oʻrinli. Ha, “suvga toʻla”, faqat adabiyotlar sharhidan iborat, tarjimaga tayangan va mazmunan bir-birini takrorlaydigan notavon “dissertatsiyalar”ni neyrotarmoq bir zumda yozib tashlashi mumkin. Lekin haqiqiy, soha egalariga yangilik bera oladigan tadqiqotni u mustaqil yoza olmaydi. Chunki tadqiqot – fanga yangi bilim qoʻshish degani. SI esa mavjud maʼlumotlarni qayta ishlashga ixtisoslashgan.
 
“Gemini oʻzbek tilida favqulodda ravon yozyapti”, degan gap ham biroz boʻrttirilgandek. Uning oʻzbekchasi ancha yaxshilangani rost, lekin begona til sintaksisi va atamalardagi xatolar baribir sezilib qoladi. U yozadigan dissertatsiyani inson aralashuvisiz himoyaga olib chiqib boʻlmaydi. Hatto “hozir himoya qilinayotgan ishlarga qiyosan olinganda” ham.
 
Buni adabiyotga solishtirsak: “SI badiiyati kamroq matnlarni yozishni eplayapti-ku” degan asos bilan “Endi yozuvchilarga hojat yoʻq” deyish qanchalik oʻrinsiz boʻlsa, ilm-fanda ham xuddi shunday. Oʻzim SIdan muntazam foydalanaman, lekin u oddiy post uchun tayyorlagan matnni ham tahrirsiz qabul qila olmayman. Kichik matn shuncha eʼtibor talab qilsa, murakkab ilmiy ishni unga toʻliq ishonib boʻladimi? Qolaversa, SIda manba va faktlarni toʻqib chiqarish muammosi hali ham bor.
 
Maʼlumot yigʻish borasida SIning imkoniyati cheklangan – mustaqil ravishda laboratoriya tajribalarini bajara olmaydi, ijtimoiy soʻrovnomalar oʻtkazmaydi yoki real jarayonlarni kuzata olmaydi. Demak, SI bevosita tadqiqotchi emas, oʻta kuchli yordamchi-tahlilchi boʻla oladi.
 
Bu eʼtirozlar sunʼiy intellektni yerga urish yoki imkoniyatlarini mensimaslik emas. Bunday texnologiyalar nazariy izlanishlarni osonlashtirib yuborgani ayni haqiqat. Undan albatta foydalanish, foydalanganda ham samarali foydalanish shart. Shu sababdan doktorantura dasturlariga “Sunʼiy intellektdan toʻgʻri foydalanish” degan maxsus kursni kiritib, izlanuvchiga undan oʻgʻri emas, hamkor sifatida foydalanishni oʻrgatish zarur deb hisoblayman.
 
Yana bir muhim jihat – SI davrida aynan qanday tadqiqotlar dolzarb ekanini olimlar va mutaxassislar koʻrsatib berishi zarur. Mabodo bu takliflarni qaror qabul qiluvchilar inobatga olsa, SI bir zumda yozib beradigan “navbatchi” mavzular emas, davlat va jamiyat uchun chinakam foydali, inson tafakkurini talab qiladigan yoʻnalishlar tanlanadi.
 
Mezonlarni yangilash kerakligi haqidagi takliflar ham eʼtiborga molik. Lekin baholashni “sunʼiy intellekt davri” talablariga moslashdan oldin tizimni “tosh davri” byurokratiyasidan qutqarish shart. Aslida, bu ikki masala bir-birini inkor qilmaydi, aksincha, toʻldiradi: faqat toʻgʻri va shaffof tizimgina ilm-fanning rivojlanishiga hamda zamonga tez moslashishiga yordam beradi. Poydevordagi muammolarni hal qilmay turib, birdaniga SI davrining yuksak mezonlarini talab qilish unchalik oʻrinli emas. Hujjatlari joyida boʻlsa-da, bitta ruxsatnoma uchun oylab sargʻayadigan, eskirgan talablar, yopiqlik iskanjasidagi tadqiqotchi ilmiy yangilik haqida emas, OAK toʻsiqlaridan qanday oʻtish haqida oʻylashga majbur. Tizim shaffoflashmas ekan, yosh olimlar haqiqiy ilm qilish oʻrniga ishni tezroq bitirishning yengil usullarini, xususan, SIdan koʻr-koʻrona nusxa koʻchirishni maʼqul koʻraveradi.
 
@oriftolib | Sahifalarimiz
🔥 52
17
5
😎 4
23 4.4K

Обсуждение 0

Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.

Обсудить в Telegram

Orif Tolib

17.3K
Soʻz. Tahrir. Savodxonlik.

Reklama boʻyicha:
👉 https://is.gd/elonlar

Sahifalarimiz:
👉 https://taplink.cc/oriftolib

Muallif haqida:
👉 https://oriftolib.uz/?p=575

Ijodiy ishlardan oʻgʻrincha foydalanilishiga rozi emasmiz.
Открыть в Telegram