Bitta ruxsatnoma uchun oylab kutish: ilmiy himoya byurokratiyadan qachon qutuladi?
Ilmiy tadqiqotchilarni qiynab kelayotgan muammolar haqida bayramdan soʻng kattaroq maqola yozmoqchi edim. Ammo voqealar tezlashib ketdi: sohaga oid muammolar davlat rahbariga
taqdimot qilindi, soʻng OAKning oʻn yillik rahbari
ishdan olindi.
Ilmiy tadqiqot jarayoni sunʼiy toʻsiqlarga toʻlib ketgani, tizimdagi yopiqlik korrupsion xatarlar va tanish-bilishchilikka ajoyib sharoit yaratib berayotganini shu qozonda qaynayotgan tadqiqotchi sifatida ichidan koʻrib-bilib yuribman.
“OAKka qarshi borma, yillab sarson boʻlasan”, “Kengash bilan muomalangni yaxshi qil, boʻlmasa, yarim yoʻlda sinasan” kabi gaplar koʻz oldingizda bahaybat “badjahl Bambr”ni shakllantiradi. Bu vahimalar bejiz emas. Ammo hamma oʻz tinchini oʻylab jim yuraversa, botqoqqa chuqurroq botaveramiz.
Tizim qanchalik mantiqsiz ishlashiga oʻzimdan bitta misol:
Hujjatlarimiz barcha talablarga javob berganiga, universitet murojaat xatini fevral oyi boshida topshirganiga qaramay,
yaqin 4 oydan beri OAKning bir martalik kengash tuzish ruxsatini kutyapmiz. Kafedra kengashidan oʻtganimga esa yarim yildan oshdi. Tasavvur qilyapsizmi, bu hali shunchaki seminar uchun ruxsat!
Qaysidir arizalar oylab chang bosib yotsa, ayrimlarning ishi aql bovar qilmas darajada tez va silliq bitib ketishini ham koʻrib turibmiz. Tizimda shaffoflik, arizalarni koʻrishning ochiq va aniq navbati yoʻq joyda har qanday shubha va eʼtiroz oʻrinli boʻlaveradi.
Nega bunday? Amaldagi
nizomning oʻzida muammoning qulogʻi koʻrinib turibdi: OAK hujjatlarda kichik bir kamchilik topib rad etsa, qayta murojaat qilish uchun
naq 6 oy (!) kutish kerak. Kichik xato uchun yarim yillik jazo! Aslida bunday texnik xatolarni toʻgʻrilash uchun uzogʻi bilan 15 kun berilishi kerak emasmi? Byurokratning bitta qoshi uyulishiga izlanuvchining 6 oylik umri tovon qilib berilgan. Bu odamlarni qasddan sarson qilish va ish bitirishning yengilroq yoʻllarini izlashga majburlash emasmi?
Bu – bittagina mening misolimdagi holat. Ilmiy tadqiqotchilarga bir quloq tutib koʻring, qanaqa muammolar borligiga oʻzingiz amin boʻlasiz.
Hozir hamma aybni sobiq rahbariyatga toʻnkash “yov qochsa, botir koʻpayar” uslubi boʻladi xolos. OAKning Fanlar akademiyasi tizimiga oʻtkazilishi ham, agar tub mantiq va qoidalarning oʻzi oʻzgarmasa, hech narsani hal qilmaydi. Oliy taʼlim vaziri ham vaqtida himoyani soddalashtirish boʻyicha qator oʻrinli
takliflar (masalan, bir martalik kengash tuzishni universitetlarning oʻziga berish) bergandi, afsuski, ularning hech biri amalga oshmadi.
Hayotga real qarashga odatlanganman, shu sabab oxirgi oʻzgarishlar meni toʻlqinlantirib yuborgani yoʻq. Lekin sohaga bevosita davlat rahbarining oʻzi eʼtibor qaratgani umid uygʻotdi. Tahliliy maqolani esa baribir yozaman. Chunki ilmiy himoya tizimi toʻsiq emas, imkoniyat maydoni boʻlishi kerak.
Ulugʻ ayyom kunlarida yaxshi niyat qilaylik: bu yangilanishlar OAKda yoki “tepa”da tanishi yoʻq tadqiqotchilar uchun ham ijobiy oʻzgarishlarning boshi boʻlsin!
Arafa muborak!
👇
Siz nima deb oʻylaysiz, bu oʻzgarishlar tizimni yaxshilaydimi?
⚡️ – Ha, albatta foydasi boʻladi
🤔 – Tizim oʻzgarishiga ishonish qiyin
✍️ – Maqolani kutaman!
@oriftolib |
Sahifalarimiz
Обсуждение 0
Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.
Обсудить в Telegram