Muhrim / Муҳрим
Shahrisabz hokimining xatti-harakatlari elga ovoza bo‘lganiga ham, mana, Xudo xohlasa, 72 soat bo‘lyapti, shekilli. Buyoqdan yana yangi-yangi sharmandalar, uyatsizlar chiqib turibdi. Es-hushi joyida bor hamma bu vallomatlarning qilayotgan ishlari odamgarchilikka ham, qonunchilikka ham to‘g‘ri kelmasligini aytyapti. Boshida davlatga aloqador bir-ikki tuzilma ham nimadir degandek bo‘ldi, ammo “yuqori”dan boshqa reaksiya bo‘lgani yo‘q.
Bo‘ladiganga ham o‘xshamayapti. Joylardagi davlat xizmatchilarining bunday chidab bo‘lmas harakatlari — shuncha shovqin-suron va e’tirozlarga qaramay — hozirgidek jim kuzatib turilaversa, demak, “bu davlat siyosati ekan”, “bu quyi bo‘g‘indagi uquvsiz ijrochilarning yana bir farosatsizligi emas, balki butun hokimiyat tizimining ongli qarori va harakati ekan”, degan xulosaga kelish mumkinmi?
Umuman, Mustaqillik bayrami arafasida shu bayram nomi bilan qilinayotgan bu ishlar qandaydir yakkam-dukkam holatlar yo xususiy tashabbuslar emas, balki umummilliy kampaniya ekanini ko‘pchilik anglab bo‘ldi. Lekin bu ishlar qanchalik qonuniy? Aholini “uyingni tozalamasang, falon mln so‘m jarimaga tortilasan?”, deb terror qilish uchun qonuniy asoslar bormi? Bu jarayonda aholining haq-huquqlari qanchalik buzilyapti?
Davlatimizda bu savollarga javob bera oladigan dunyo jahon tuzilmalar bor: Inson huquqlari bo‘yicha markaz (eng zo‘ri shu o‘zi — rahbari Senat raisi Senat raisligidan boshqa ishni qilishga umuman majbur emasligini isbotlab bergan axir!), Bosh prokuratura (qonuniylik bo‘yicha qandaydir baho berishi mumkin-ku), oxir-oqibat, butun boshli Adliya vazirligi. To‘g‘rimi?
Biror munosabat bildiring siz ham. Iloji bo‘lsa, bo‘layotgan ishlar to‘g‘ri yo noto‘g‘ri, deb dangalroq ayting. Siz ham uyma-uy yurib, hojatxona, hammom va oshxonalarni tekshirib yurgan bo‘lmasangiz agar.
Kanalimda “Hafta xulosalari” degan rukn yo‘g‘u, lekin yakuniga yetishiga bir necha soat qolgan joriy haftada odamning eng kamida bitta holat bo‘yicha bir xulosa chiqargisi kelyapti baribir:
Shahrisabz hokimi va
yana shunga o‘xshash boshqa nusxalarning Konstitutsiyani (davlatchilikni?) ham, odamgarchilikni ham oyoqosti qiluvchi xatti-harakatlari navbatdagi yakkam-dukkam farosatsizlik yo madaniyatsizlik namoyishi emas, balki rostmana topshiriq asosida yuz bergan butun boshli tizimli jarayondir.
Chunki bunday emasligini tasdiqlovchi aksilharakatlarni, hech yo‘g‘i, bayonotlarni ko‘rmadik va eshitmadik. Ko‘rganimiz va eshitganimiz — joylardagi katta va kichik davlat xizmatchilarining Konstitutsiyani (davlatchilikni?) ham, insoniylikni ham oyoqosti qiluvchi xatti-harakatlari hamda ularni tiyib qo‘yishi kerak bo‘lganlarning
quloqni qonatadigan sukuti. Sukut esa, aytishlaricha, rozilik alomati.
To‘g‘risi-da, boshida jamoatchilikning eng radikal qatlami, masalan, Shahrisabz hokimini qayerigadir tepib ishdan haydash kerak, deb
ayuhannos solayotgandi. Mayli, ular ham oshirib yuborgandir (xuddi o‘sha hokim kabi), lekin hokimning qilgan ishi ham hozirgi (hech kim ko‘rmagan) “Hokimlarni jazoga tortish kodeksi” bo‘yicha eng kamida 50 grammlik hayfsanga arzirdi-da (kamiga, o‘sha videosi tarqalgan
xonadon egalari kasalxonaga tushib qolganini ham qo‘shsak, juda arzirdi).
Boshqa tarafdan, agar hayfsan berilsa, “e, yana hayfsan berib, o‘zinikini ayabdi-da, fuqaro hokimning uyiga shunday bostirib borsa, kamida 15 sutkaga qamardi, yashshamagurlar!”, deb norozi bo‘lardik baribir, aniq. Hozir esa jamoatchilik
hayfsan ham chakki jazo emasligini anglashi uchun davlatimiz katta bir qonunsizlikni sukut bilan kuzatib, bir qimmat dars o‘tib bergandek go‘yo (faqat bu dars oxir-oqibat davlatning o‘ziga qimmatga tushishini o‘zi anglagan bo‘lsa (yo anglay olsa?) bo‘ldi).
Hay, jazo yo‘qmi, unda mukofot bo‘lishi kerak. Taxminimcha, Mustaqilligimizning 35 yilligi oldidan ko‘p yillik fidokorona xizmati uchun mukofotlanadigan o‘nlab davlat xizmatchilari orasida shu bayramga tayyorgarlikni xonadonlarda reydlar o‘tkazib, tozalanmagan oshxona, hojatxona va hammomlarga qarshi kurashib o‘tkazgan hokimlaru raislar ham bo‘ladi. Ro‘yxatda, masalan, Shahrisabz hokimi ham bo‘lsa, bu, hech shubhasiz, “boshlardagi xaroblik”ning zo‘r bir tantanasi bo‘lardi, menimcha.
Обсуждение 0
Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.
Обсудить в Telegram