avatar
Uzbekonomics
@uzbekonomics
01.08.2026 06:48
"Vahima qilyapsiz, bor-yo'g'i 2-4 ta harf o‘zgaryaptiku", "masalani chuqur o‘rganmay, yuzaki fikrlayapsiz", ham deyishadi.

Albatta, aynan yuzaki! Men avval eng yuzada ko'rinadigan (lekin baribir muhim bo'lgan), hayolimga kelgan muammolarni sanadim, misol keltirdim: email, aviachipta, pasportdagi MRZ, ism-familiyaning turli bazalarda turlicha yozilishi, uzilgan avlodlar vhkz. Chunki bularni sodda misolda tushuntirish mumkin.

Lekin o'sha aytilganidek chuqurroq kiradigan bo‘lsak, inobatga olinmagan va yanada jiddiy masalalari ham bor. Son-sanoqsiz.

Bir misol keltiraman. Qo'rqmasdan "bu o'zgarishning hech qanday xarajati bo'lmaydi" deyilgan shiorlarni ko'rdim. Xarajat degani faqat yangi kitob chiqarishga, bannerni almashtirishga ketgan buxgalterlik chiqim tushinilmaydi. Asosiy xarajatlar ko'zga ko'rinmaydigan, o'lchab bo'lmaydigan va o'sha o'g'ziga urilayotgan iqtisodchilarning tilida aytiladigan opportunity cost orqali bo'ladi.

Deylik yangi alifboga o'tildi. Kimlar birinchi frontda turibdi, kimlar o'tishga majbur bo'ladi? Byudjetdan oylik oladiganlar. O'zi o'qituvchi bilan shifokorni paxta dalasidan zo'rg'a chiqarib olgandik. Ularning mehnat unumdorligiga qayta tiklanmas darajada ziyon keltirilgandi. Endi ularning vaqtini yana asosiy ishidan olib, foydasi hali aniq o'lchanmagan, balki o'ylanmagan yangi ma'muriy kampaniyaga sarflamoqchimiz. Ular o'zi nima deb o'ylaydi, masalan?

O'qituvchilar yangi qoidani avval o'zi o'rganadi, darslik va materiallarini moslashtiradi, bolalarga o'rgatadi, yillar davomida eski va yangi lotindagi yozuvlarni tekshiradi. Shifokor, bank xodimi yoki davlat xizmatchisi esa ism-familiya va hujjatlardagi turli yozuvlarni solishtirishga, xatolarni tuzatishga va bazalarni moslashtirishga vaqt sarflaydi. Bir odam uchun bu bir necha daqiqadek ko'rinadi. Lekin bir necha daqiqa millionlab odamga, yuz minglab xodimga va minglab tashkilotga yuklansa, bu mehnat unumdorligiga yaxshigina soliq bo‘ladi.

Bu shunchaki ikki harfni yodlab olish emas. Bu - maktablar, shifoxonalar, banklar, universitetlar, davlat idoralari va xususiy bizneslarga yana bir o'tish davrini, mehnat unumdorligi solig'ini yuklashdir.

Dasturchilar yangi mahsulot yaratish o'rniga eski va yangi yozuvlarni bog‘laydigan tizimlar, translitlar yozib o'tiradi. Tashkilotlar bir xil ma'lumotni uch xil yozuvda, databaseda saqlaydi. Fuqarolar esa xato chiqsa, o'zi bir odam ekanini idorama-idora yurib isbotlaydi.

Shuning uchun "bor-yo'g‘i to'rtta harf" degan gapning o'zi yuzaki fikr.

Harf to'rtta bo'lishi mumkin. Ammo u tegadigan hujjat, tizim, ish jarayoni va insonlar soni millionlab.

Men vahima qilmayapman. Men chin dildan, oddiy savol beryapman:

Bu o'zgarishdan olinadigan aniq va o'lchangan foyda, jamiyat zimmasiga tushadigan vaqt, xato, muvofiqlashtirish va unumdorlik xarajatidan, mehnat unumdoriligiga bo'lgan soliqdan kattami?

Hozircha bunga jiddiy javob ko‘rmadim. Chunki u yo'q. Bo'lsa ham ha katta deb ko'rsatishsa gap bo'lishi mumkin emas edi.

@uzbekonomics
💯 178
35
👍 29
🤔 3
69 21.2K

Обсуждение 0

Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.

Обсудить в Telegram
Открыть в Telegram