avatar
Uzbekonomics
@uzbekonomics
01.08.2026 03:02
Alifbo islohoti haqida savol bersam, gapirsam, yozsam darrov meni "o'zgarishga qarshi", "eski alifboni, eski xatoni himoya qilyapti" yoki "tilshunos emassiz, jim turing" degan toifaga chiqarayotganlar ham bor. Avvalo, men hozirgi alifboni ideal, tarixan to'g'ri yoki juda qulay deb himoya qilmayapman. Unda muammolar bordir, ba'zi texnik asoslar yo'q emasdir.

Mening asosiy gapim boshqa: uzluksizlik, avlodlar orasidagi yozuv uzilishi va pichoqqa ilinadigan foydasi ko'rsatilmagan o'zgarishning xarajatlari haqida. Gap buxgalterlik xarajatida emas faqat.

Men maktabga hozirgi lotin alifbosida borgan avlodman. Biz shu alifboda savod chiqardik, kitob o'qidik, imtihon topshirdik, hujjatlar oldik. Ism-familiyalarimiz pasport, diplom, hujjat, bank, universitet va barcha bazalarga Sh va Ch bilan kirdi. Hozirgi lotin alifbosida savod chiqargan va ta'lim olganlar soni 20 milliondan ortiq bo'lishi mumkin.

Endi esa bizga "alifbo bugungi avlod uchun, sizlarga emas, keyingi asr uchun" deyishmoqda.

To'g'ri, alifbo bir avlod uchun emas. Lekin bu bugungi avlodni hisobdan chiqarib qurbon qilib yuborish mumkin degani ham emas. Kelajakni qurish har safar oldingi avlodning savodini sindirib, hammasini yangidan boshlash degani emas. Eng qizig'i, Ch ni o'rniga dumli C yozaylik deb faol himoya qilayotganlarning aksariyati shu kungacha, shu daqiqagacha asosan kirillda yozadi va o'qiydi-da "yangi alifbo uzil-kesil tasdiqlansa, o'shanda lotinga o'tamiz" deydi.

Bu qanday mantiq? Sizlar 30 yildan beri amaldagi lotinga to'liq o'tmadingiz. Endi o'tmaganingizning aybini Sh va Ch dan ko'ryapsizmi?

Davlat yangi alifboni qonun bilan tasdiqlashi mumkin. Maktablar, davlat idoralari va rasmiy hujjatlarda uni majburiy standart qilishi ham mumkin. Lekin qonun qabul qilinishi bilan millionlab odamlar ertasi kuni yozuv odatini o'zgartirib qolmaydi. Til odati buyruq bilan o'zgarmaydi. Agar o'zgarganda ham o'sha hozirgacha kirilda yozadigan va yaqinda kirilgan o'tganlar amaldagi qonunga itoat qilib lotinga allaqachon o'tgan bo'lishar edi. Davlat ertaga Sh ni o'rniga dumli S yoz desa hamma birdaniga o'tmaydi, 30 yilda ham o'tmaydi. O'tmasa hech kim kelib qamab qo'ymaydi, bu sud hukmi emaski ertadan hamma bo'ysinadigan. Bojxona tartibi o'zgarsa boj to'laysiz, sud sizga jarima to'la desa to'laysiz, boj qo'yilsa to'laysiz, hammani itoat qildiradigan kuchi bor. Til unday ishlamaydiku. Til standartini e'lon qilish oson. Jamiyatning uni amalda qabul qilishi boshqa masala.

Masalan, bugun barcha hujjatlarida: Sherzod Choriyev deb yozilgan odam yangi imloda: Şerzod Çoriyev bo‘ladi. Pasportning mashina o'qiydigan MRZ qismida, tagida esa: SERZOD CORIYEV bo'ladi, u yerda diaktrik harflar bo'lmaydi. Natijada:

Sherzod Choriyev - eski pasport, diplom, viza va bank bazalarida.
Şerzod Çoriyev - yangi o'zbek imlosida.
SERZOD CORIYEV - yangi pasportning mashina o'qiydigan qismida.

Turk Havo yo'llari ham yo'lovchilarga maxsus belgisi bor ismlarni belgisiz yozishni so'raydi, Şerzod deb yozmaysiz, Serzod deb yozasiz bilet olayotganda. Aeroport ham Serzodni o'qiydi. Odam uchun bularning barchasi bir shaxs. Kompyuter uchun esa ular turli odamlar bo‘lishi mumkin. Bankdagi KYC, kredit tarixi, ilmiy maqolalar, mulk va kompaniya registrlari bu variantlarni avtomatik ravishda bir shaxs deb taniydimi? Eski hujjatlar amal qilaveradi - bunga javob emas. Hujjatning qonuniy kuchda qolishi boshqa, mamlakat va tashkilotlardagi axborot tizimlarining uni to'g'ri tanishi boshqa.

Texnologiya o'z-o'zidan moslashmaydiku. Uni odamlar moslashtiradi. Dasturchi algoritm yozadi, bank bazasini yangilaydi. Davlat eski va yangi ma'lumotlarni bog'lash bilan band bo'ladi. Xato chiqsa, fuqaro idorama-idora yurib, o'zi bir odam ekanini isbotlaydi, qog'ozlarini ko'tarib yuradi. Bularning barchasi xarajat. Buxgalterlik xarajat haqida gapirmadim hali.

Email adresda, domainda Şni yoza olmaysiz. Ismingiz Şerzod Çoriyev bo'lsa ham email adresni faqat yoki sherzod.choriyev@gmail.com deb yozasiz yoki serzod.coriyev@gmail.com. Veb sahifa domenida ham faqat A-Z bo'ladi, ya'ni ŞerzodÇoriyev.com bo'lmaydi.
Газета.uz
“Alifbo — bir avlod uchun emas” — O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori – O‘zbekiston yangiliklari – Gazeta
O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori Nizomiddin Mahmudov o‘zbek alifbosi bugungi avlod uchun emas, kamida keyingi asr uchun yaratiladigan davlat standarti ekanini ta’kidladi. Professor lotin alifbosini takomillashtirish zarurati va bu boradagi asosiy e’tirozlarga munosabat bildirdi.
👍 84
💯 51
🔥 19
👏 7
102 23.3K

Обсуждение 0

Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.

Обсудить в Telegram
Открыть в Telegram