avatar
Uzbekonomics
@uzbekonomics
30.07.2026 15:29
Bank omonatlaridan olinadigan daromadga 5 foiz soliq joriy qilish taklif qilinmoqda ekan. Menimcha, bu g'oya nazariy jihatdan tushunarli bo'lsa-da, hozirgi O'zbekiston sharoitida juda ehtiyotkorlik bilan yondashilishi kerak.

1) Bu soliq real daromadga emas, nominal daromadga solinishi taklif qilinmoqda, to'g'ri tushungan bo'lsam. Bank to’laydigan foizning katta qismi aslida odamni boyitmaydi - u faqat inflyatsiya sabab yo'qotilgan xarid qobiliyatini qoplaydi. Masalan, deylik omonat foizi 16 va inflyatsiya 6–7 foiz bo'lsa, odamning real daromadi 16 foiz emas taxminan 9 foiz atrofida bo'ladi. Davlat esa 5 foizlik soliqni shu 9 foizlik real daromaddan emas, to'liq 16 foiz nominal daromaddan oladi. Inflyatsiya ko'tarilgan sari bu muammo yanada kuchayadi. Agar inflyatsiya deylik 15 foizga yaqinlashsa, 16 foizlik omonat amalda deyarli real daromad keltirmaydi. Shunga qaramay, omonatchi baribir soliq to‘laydi.

2) Odatda Markaziy bank inflyatsiyani pasaytirish uchun yuqori foiz stavkalarini saqlaydi va yuqori depozit stavkalari odamlarni bugun ko'proq iste'mol qilish o'rniga pulini bankda saqlashga undaydi. Lekin bir tomondan Markaziy bank omonatni jozibador qilishga harakat qilsa, ikkinchi tomondan davlat uning daromadini soliqqa tortsa, bu ikki siyosat bir-biriga qarshi ishlaydi. Odamga avvalgi 16 foizlik sof daromadni berish uchun bank endi taxminan 16.8 foiz stavka taklif qilishi kerak bo‘ladi. Bu esa banklarning resurs xarajatini oshiradi. Bank resursi qimmatlashsa, kredit ham qimmatlashadi. Natijada bu soliqni faqat omonatchi emas, balki kredit olayotgan tadbirkor, ipoteka olayotgan oila yoki oddiy iste'molchi ham bilvosita to'lashi mumkin.

3) Bu soliqning psixologik zarari uning real miqdoridan kattaroq bo‘lishi mumkin. Iqtisodchi, bankir, soliqchi hisob-kitob qilib 16 foiz 15.2 foizga tushdi, bu katta muammo emas deb fikrlar.
Oddiy omonatchi esa bu yangilikni boshqacha qabul qilib “davlat bankdagi pulimizga soliq solishni boshladi” deydi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda bu “omonatlardan 5 foiz olib qo'yiladi” degan noto'g'ri shaklda tarqalishi ehtimoli juda yuqori. Odamlar bugungi 5 foizni emas, ertaga nima bo'lishini ham o‘ylaydi-da: “Bugun 5 foiz bo'lsa, ertaga 10 foiz qilinmaydimi?” yoki “ikki yildan keyin omonatning o'ziga ham soliq solinmaydimi?” deydi.

Moliyaviy tizimda ishonch juda sekin quriladi, lekin bitta qaror bilan tez yo'qolishi mumkin.

4) 1.4 trillion so'mlik kutilayotgan soliq tushum juda sodda hisob-kitobga asoslangan menimcha.
Mantiq taxminan shunday bo'lyapti: jami omonatlar × o'rtacha foiz stavkasi × 5 foizlik soliq.
Lekin bu statik hisob-da, odamlar va banklarning javob reaksiyasi yo'q. Soliq joriy qilingach yangi omonatlar o'sishi sekinlashishi, ayrim omonatlar muddati tugagach yangilanmasligi, pul xorijiy valyutaga yoki boshqa aktivlarga o'tishi, banklar depozit stavkalarini ko'tarishi, kreditlar qimmatlashishi mumkin. Demak, 1.4 trillion so'm real sof daromad emas, balki hamma narsa o'zgarmaydi degan faraz ostidagi buxgalterlik hisob. Iqtisodiy siyosatda esa hamma narsa: odamlar ham, banklar ham xatti-harakatini o'zgartiradi.

5) So'mdagi omonat stavkasi yuqori bo'lishining sababi bor. Odam so'mda pul saqlab, inflyatsiya va valyuta kursi xavfini o'z zimmasiga oladi, yuqori foiz ana shu xavf uchun kompensatsiya. Agar davlat shu kompensatsiyaning bir qismini ham soliqqa olsa, so'mda saqlashning jozibadorligi pasayadi. Odamlar birdaniga bankdan barcha pulini yechib ketmasligi mumkin. Lekin yangi jamg'armalarini dollarga, oltinga, naqd pulga, yoki boshqa norasmiy aktivlarga yo'naltira boshlashi mumkin. Hatto kichik foiz farqi ham valyuta kursi bo'yicha xavotir kuchli bo'lgan davrda odamlarning qaroriga sezilarli ta'sir qiladi.

Xullas, asosiy masala 5 foizning katta yoki kichikligida emas, balki davlat hali odamlarni pulini bankka olib kirishga va so'mga ishonishga undayotgan paytda, aynan shu ishonchni soliqqa tortib qo'yishi mumkin.

@uzbekonomics
Kun.uz
Bank omonatlari daromadidan 5 foiz soliq undirish taklif qilinyapti
Omonatlar bo‘yicha foiz daromadlarini dividendlar bilan tenglashtirib, ular uchun ham 5 foizlik soliq stavkasini belgilash g‘oyasi ilgari surilyapti. Tashabbuskor tashkilot – Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Fiskal tahlillar instituti. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 5 foizlik soliqning joriy etilishi davlat byudjyetiga qariyb 1,4 trln so‘m qo‘shimcha daromad keltirishi mumkin.
👍 69
19
🤯 7
🤔 3
108 14.3K

Обсуждение 0

Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.

Обсудить в Telegram
Открыть в Telegram