Menda bunga teskari argument bor.
Toshkent kanallarida cho'milayotgan odamlar va bunga qo'yilgan taqiqlar haqida yaxshi
maqola ekan. Undagi asosiy fikr haqli:
"odamlarda ehtiyoj bor, pullik basseynlar qimmat, shunday ekan, taqiqlash va reyd otkazish o'rniga xavfsiz sharoit va zinalar qurib, cho'milishni qonuniylashtirish kerak, magazin qo'yib kanal bo'yida ovqat sotish, biznes qilish kerak".
Bu birinchi qarashda juda mantiqiy va insonparvar taklifdek tuyuladi. Ammo masalaning juda xavfli ikkinchi tomoni bor, menimcha.
Hozir Anhor yoki Bo'rijarda kimlar cho'milyapti? Materialda ham aytilganidek shundoq ham tavakkalchilikka moyil bo'lgan, o'ziga ishongan yoshi katta erkaklar va tajribali suzuvchilar. Panjaralar va "chomilish taqiqlanadi" degan belgilar ko'pchilik uchun to'siq va "bu yer xavfli" degan signal vazifasini o'taydi. Shu sababli yosh bolalar, oilalar yoki suzishni bilmaydiganlar u yerga yaqinlashmaydi odatda.
Endi tasavvur qiling: shahar hokimiyati kanal boyiga ikkita qutqaruvchi qoyib, zinapoya o'rnatdi va bu yerni rasmiy ommaviy cho'milish zonasi deb e'lon qildi. Bu jamiyatga qanday signal beradi? Hamma buni "shahar ruxsat berdi, demak, bu yer endi xavfsiz" deb qabul qiladi. Natijada kanallarga suzishni umuman bilmaydigan bolalar, o'smirlar va oilalar kela boshlaydi. Bu esa taklif qilingan "yechim"ning mutlaqo teskari natija berishiga - fojialar va cho'kishlar sonining keskin ortishiga olib kelishi mumkin. Shunga hozir kanalda cho'milish mumkin emas degan yozuv bu "bu yerda cho'milish xavfli va cho'ksangiz javobgarlik o'zingizda" degan ma'noni anglatadi.
Chunki, Anhor yoki boshqa kanallar ta'rifi bo'yicha cho'milish maskani emas, shunday tuyilsa ham, shunday bo'lib qolgan bo'lsa ham. Ular gidrotexnik inshootlardir. Ularning ichidagi xavfni yuzaki choralar bilan hal qilib bolmaydi. Anhorda suv juda tez oqadi, ko'zga yaxshi ko'rinmasa ham, tog'dan keladigan suv yozda ham juda sovuq bo'ladi, suzishni yaxshi bilmaydigan odamda mushak tortishishi mumkin.
Har yili, mamlakatdagi jamiyki kanallar bo'lsa barchasida bolalar va kattalar cho'kib ketayotganini ko'ramiz, o'qiymiz. Yoshligimda o'zim ham cho'milganman, ko'rganman, cho'kib ketganlarni eshitganman. Shunga kanalda cho'milishni qonuniylashtirish muammoni hal qilish emas, balki kattaroq fojiaga taklifnoma yozishdek bo'lib qolishini xohlamayman.
Yuqoridagi maqoladagi xorij tajribasi misoli esa o'rinli emas. Boston shahridagi Boston Common bog'ida cho'milish suv havzasi juda sayoz bo'lgan fontan joy. U yerda cho'milish bilan Bostondagi oqadigan daryo Charles River orasida yer bilan osmondek farq bor. Charles River Toshkentdagi Anhordek tez oqmasligi mumkin, lekin u yerda ham shahar ma'muriyati, masullar cho'milishni ta'qiqlaydi. Sanitariya tomondan ham, xavfsizlik tomondan ham hayotga xavfli deyishadi. Shunga qaramay kimdir cho'miladimi? Ha, o'zi tavakkal qilganlar, o'ziga ishonganlar juda kam sonli odamlar.
Xullas, yechim xavfli kanallarni ommaviy plyajga aylantirishda emas deb o'ylayman. Yechim shahar ichidagi istirohat boglarida xavfsiz, oqimi bolmagan, suvi nazorat qilinadigan suniy ko'llar va bepul jamoat basseynlarini qayta tiklashda va ularni ko'paytirishda. Men Gazetada bir necha yil oldin
kolonka yozgan edim, aynan shu haqida. Shaharda jamoat bog'lari va jamoat cho'miladigan ko'llar, basseynlar kerak deb. Baxt ko'li bor edi masalan bir payt, boshqa bir qancha cho'miladigan joylar bor edi.
@uzbekonomics
Обсуждение 0
Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.
Обсудить в Telegram