Jurnalistlarga "Toshkent" aeroportining yuk terminali qanday ishlashi namoyish etildi
2026-yil 17-iyul kuni Toshkent xalqaro aeroportining yangi yuk terminalida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur bo‘lib o‘tdi. Jurnalistlar zamonaviy yuk majmuasi, jumladan, omborxonalar, sovutish va muzlatish kameralari, turli toifadagi yuklarni saqlash zonalari, maxsus texnikalar, ma’muriy bino, elektron navbat tizimi, shuningdek, yuklarni rasmiylashtirish va topshirish jarayonlari bilan tanishdilar.
Press-tur davomida Uzbekistan Airports va "Toshkent" aeroporti vakillari aeroportning yuk tashish infratuzilmasini rivojlantirish haqida so‘zlab berishdi. 2025-yil mart oyida foydalanishga topshirilgan yangi terminal havo yuk tashish hajmining barqaror o‘sishi munosabati bilan qurilgan. Avvalgi yuk majmuasining loyiha quvvati yiliga 30 ming tonna yuk va pochtani tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yil yakuniga ko‘ra, u orqali qariyb 80 ming tonna yuk qayta ishlangan. Yangi terminal loyiha quvvatini yiliga 120 ming tonnagacha oshirish imkonini berdi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, bu yerda 88 ming tonnadan ortiq yuk va pochta qayta ishlangan bo‘lsa, 2026-yilda bu ko‘rsatkich 92 ming tonnaga yetishi kutilmoqda.
Yuk aylanmasi dinamikasi va tashilayotgan yuklar nomenklaturasiga alohida e’tibor qaratildi. 2026-yilning birinchi yarmida terminal orqali 48 ming tonnadan ortiq yuk va pochta jo‘natmalari qayta ishlanib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 33,2 foizga ko‘pdir. Yil boshidan buyon eksportga 1,1 ming tonnadan ortiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlari jo‘natildi. Import yo‘nalishida esa 15 ming tonnadan ortiq oddiy yuklar, qariyb 4,7 ming tonna tez buziladigan mahsulotlar hamda 1,2 ming tonnaga yaqin tirik hayvonlar qayta ishlov berilgan.
Bugungi kunda yuk terminali sutkasiga 500 tonnagacha yukni qayta ishlash imkoniyatiga ega. Yukni qayta ishlashning o‘rtacha vaqti — havo kemasi kelganidan boshlab yuk qabul qiluvchiga topshirilgungacha — 3–4 soatni tashkil etadi. Hozirda majmua hududida umumiy maydoni 6 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan ikkita qo‘shimcha yopiq ayvon qurilishi davom etmoqda. Bu terminalning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish hamda import va eksport yuklarini qayta ishlash samaradorligini yanada yuksaltirish imkonini beradi.