#Qonunchilik
Suv tanqisligining oldini olish bo‘yicha 2026 yilga mo‘ljallangan dastur qabul qilindi
Hukumatning irrigatsiya tizimlarida suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda suv tanqisligining oldini olishga qaratilgan qarori (111-son, 19.03.2026 y.) qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, Suv xo‘jaligi vazirligiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan suv bilan barqaror ta’minlanmagan hududlarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini suvni tejaydigan texnologiyalar orqali sug‘orish uchun suv hovuzlari qurish ishlariga 60 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Shuningdek, suv tanqisligini yumshatish bo‘yicha chora-tadbirlarga yana 60 milliard so‘m ajratiladi.
Hujjat bilan 2026 yilda amalga oshiriladigan kanallarni betonlashtirish va rekonstruksiya qilish loyihalari, suv hovuzlari qurish manzilli ro‘yxatlari hamda suv tanqisligining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
🏛Qarorga ko‘ra, mazkur loyihalar Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi hududiy “Suvqurilishinvest” davlat muassasalari buyurtmachiligida amalga oshiriladi. Loyihaoldi hujjatlar uch kun ichida tayyorlanib, o‘n kun muddatda loyiha tashkilotlari aniqlanadi. Keyin ikki oy ichida loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, ekspertiza xulosalari olinadi. Ekspertiza xulosalari olingan obyektlarda uch hafta ichida bosh pudratchilar aniqlanib, qurilish-montaj ishlari boshlanadi.
Shuningdek, hududlarda suv hovuzlari qurish uchun yer uchastkalarini ajratish choralari ko‘riladi. Buning uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan lalmi va bo‘z yerlardan 2 gektargacha maydon ajratilishi belgilandi.
Betonlashtirish ishlarini samarali tashkil etish maqsadida kanallarda suv ochish va yopish reja-grafiklari tasdiqlanadi hamda pudrat tashkilotlari uchun ish fronti yaratiladi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining tizimidagi tashkilotlar tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida loyihalar doirasida kanallarning qirg‘oqlaridagi o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni ko‘chirish, zarur hollarda kesish ishlari belgilangan to‘lovlardan ozod etiladi.
Website|Telegram | Instagram* | YouTube
Обсуждение 1
Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.
Обсудить в Telegram