avatar
Shohzod Polatov | ScaleUp
@scaleupuz
28.06.2026 14:01
21/30
Nuqson jozibasi (Pratfall effekti)

Bir narsani tan olaylik. Hammasi joyida bo'lgan odamga ishonmaymiz.
Suhbatda hech qachon xato qilmaydigan, hammasini biladigan, hech qachon bilmayman demaydigan odamni eslang. Uni hurmat qilarsiz, lekin yaqin olmaysiz. Endi bir kamchiligini ochiq tan olgan odamni eslang. G'alati tomoni - unga ko'proq ishonasiz.

Mana shu Pratfall effekti. Atamani psixolog Elliot Aronson kiritgan, ma'nosi "qobiliyatli odamning kichik xatosi uni yanada yoqimliroq qiladi". Kichik, samimiy nuqson yaqinlashtiradi. Mukammallik esa sovuq va shubhali tuyuladi.

Aronson tajribada ko'rsatgan. Bilimdon odam viktorinada g'olib chiqsa, uni hurmat qilishgan. Lekin o'sha bilimdon tasodifan ustiga qahva to'kib yuborsa, uni yana ham ko'proq yoqtirib qolishgan. Bitta noqulay lahza uni odamlar oldida ishonchini qozondi.

Sababi oddiy. Miya mukammallikka ishonmaydi, chunki tabiatda mukammallik yo'q. Hammasi silliq, hamma sharh besh yulduz bo'lsa, miya shubhalanadi: bu yerda nimadir yashiringan. Kichik nuqson esa "demak rost, demak yashirmayapti" degan signal beradi.

Og'riqli haqiqat shu. Ko'p brend butun kuchini mukammal ko'rinishga sarflaydi va aynan shu yerda ishonchni o'z qo'li bilan o'ldiradi. Siz qancha mukammal ko'rinsangiz, shuncha soxta tuyulasiz.

Endi amalda qanday ishlatamiz:
Zaiflikni o'zingiz ayting, raqib aytmasdan oldin. "Biz arzon emasmiz." Mijoz nuqsonni sizdan eshitsa, "rost ekan" deydi. Raqibdan eshitsa, "yashirgan ekan" deydi. Bir xil fakt, ikki xil ishonch.

Nuqsonni kuchga ulang. "Navbatimiz bor, chunki har bir taomni buyurtmaga tayyorlaymiz." Kamchilik endi ayb emas, sifat isboti.

Sharhlarda mukammallikni qo'ymang. Hamma sharh besh yulduz bo'lsa, shubha tug'diradi. Bir-ikki rost, kichik tanqid butun sahifani ishonchli qiladi.

Brendni "tirik" qiling. Xatoni tan oling, jarayonni ochiq ko'rsating. Sovuq korporativ ovoz emas, kamchiligi bor tirik odam ovozi ko'proq sotadi.

Lekin chegara qat'iy. Pratfall faqat ikkinchi darajali nuqsonda ishlaydi. Asosiy va'dangizda - sifat, xavfsizlik, natija - xato qilmang. "Biz kichikmiz" desa - joziba. "Oshxonamiz iflos" desa - tamom. Avval asosiy ishda kuchli bo'ling, keyin chetdagi kichik nuqsonni ochiq tan oling.

Odam mukammallikka emas, samimiylikka ishonadi. Mukammal ko'rinishga urinmang, ishonarli ko'rinishga harakat qiling. Kichik, to'g'ri tanlangan nuqson - sizning eng halol va eng kuchli sotuvchingiz.

Mutaxassislar uchun instrument - bitta rost nuqson qoidasi. Sotuv matningiz yoki brend taqdimotingizni oling. U faqat maqtovdan iboratmi ? Unga bitta rost, kichik kamchilikni ochiq qo'shing - biz hamma uchun emasmiz, arzon emasmiz,faqat bitta ishni qilamiz. Bu nuqson asosiy kuchingizni inkor qilmasin, balki uni ramkaga olsin. Bir oyda ishonch va konversiya qanday o'zgarganini kuzating. Ko'pincha bitta rost e'tirof, o'nta maqtovdan ko'proq sotadi.

Ertaga 22/30 Yangilik effekti. Nega miya yangi degan so'zga dofamin bilan javob beradi va nega eng sodiq mijoz ham vaqti-vaqti bilan yangi narsa ko'rmasa, sovib qoladi ?

Qiziq bo’lsa 🔥 yondirib yuboringlar, keyingilari ham ancha qiziq.

Scaleup | @scaleupuz
🔥 25
👍 4
🤯 2
13 1.9K

Обсуждение 0

Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.

Обсудить в Telegram

Shohzod Polatov | ScaleUp

3K
Marketolog | Tadbirkor
Marketingni biznesga aylantirish haqida yozaman

Bog‘lanish: @shohzodpolatov
Открыть в Telegram