avatar
Shohzod Polatov | ScaleUp
@scaleupuz
19.06.2026 10:27
16/30
Yoqimli kutilmaganlik

Eslang, bolaligingizda do'kondan non olardingiz, sotuvchi ba'zan ustiga bitta konfet qo'shib berardi. Non har kuni olinadigan narsa. Lekin siz o'sha do'konni yillar o'tib ham aynan o'sha kutilmagan konfet bilan eslaysiz.

Mana shu peak-end degani ya'ni yoqimli kutilmaganlik qoidasi deb aytiladi. Bundanda qiziqroq o'zbek tilida so'z topa olmadim.
Inson butun tajribani emas, faqat ikki nuqtasini eslaydi - eng kuchli lahza va eng oxiri. Qolgani xira tortib yo'qoladi. Kahneman buni isbotlagan, lekin aslida bu butun hayotimizga taalluqli.
O'ylab ko'ring, bu faqat savdoda emas.

Sog'liqda. Yillab o'zingizni parvarish qilasiz, lekin bitta tungi xavotir, bitta og'riq lahzasi butun yilni qoraytirib yuboradi. Yoki aksincha, bitta yengillik lahzasi butun davolanishni "arziydi" deb eslatadi.

Munosabatda. Sevimli insoningiz bilan yuzta oddiy kun o'tadi, esingizda qolmaydi. Lekin bitta kutilmagan e'tibor, sababsiz aytilgan iliq gap, kutilmagan sovg'a - mana o'shani umr bo'yi eslaysiz. Munosabat oddiy kunlar bilan emas, kutilmagan lahzalar bilan tirik.

Pulda. Bir yil tejaysiz, mehnat qilasiz. Lekin oyning oxirida o'zingizga qilgan bitta yoqimli xarid, bitta kutilmagan sovg'a butun mehnatni "bejiz emas edi" deb his qildiradi.

Sababi bitta - miya butun voqeani saqlay olmaydi, juda qimmat. Shuning uchun u qisqacha versiya yasaydi: cho'qqi qanday edi, oxiri qanday tugadi. Shu ikki kadr keyin butun xotirangizga aylanadi.
Og'riq shundaki, biz ko'pincha hamma narsani o'rtacha yaxshi qilishga urinamiz va hech qaerda yorqin lahza yaratmaymiz. Natijada hayot ham, biznes ham yomon emas, lekin esda qolmaydi. Esda qolmagan narsa esa qadrlanmaydi.

Eng shirin tomoni shuki, cho'qqi yaratish uchun katta narsa kerak emas. Bir og'iz samimiy gap, kutilmagan kichik e'tibor, ismni aytib murojaat qilish. Hech narsa o'zgarmaydi, lekin xotira butunlay o'zgaradi.

Odamlar siz bilan o'tkazgan butun vaqtni emas, eng yorqin lahza va oxirini eslaydi - biznesda ham, hayotda ham. Shuning uchun e'tiborni hamma joyga teng yoyish o'rniga, bitta kuchli cho'qqi va iliq yakun yarating. Inson nimani his qilgani bilan emas, nimani eslab qolgani bilan qaytadi.

Mutaxassislar uchun instrument - ikki nuqta xaritasi. Mijoz yoki yaqin insoningiz bilan o'tadigan yo'lni chizing va ikki savol bering: eng yorqin lahza qayerda va u qanday tugaydi?
Cho'qqi bo'lmasa, ataylab yarating. Yakun loqayd bo'lsa, kutilmagan e'tibor bilan kuchaytiring. Bu ikki nuqtani tuzatish, hamma narsani teng yaxshilashdan arzon va kuchliroq natija beradi.

Ertaga 17/30 9 effekti. Nega 1,000,000 emas, 990,000 yozilganda miya uni sezilarli arzon deb qabul qiladi? Bir tiyin farq, butunlay boshqa qaror.

Qiziq bo’lsa 🔥 yondirib yuboringlar, keyingilari ham ancha qiziq.

Scaleup | @scaleupuz
🔥 32
👍 4
1 9 1.6K

Обсуждение 1

Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.

Обсудить в Telegram

Shohzod Polatov | ScaleUp

3K
Marketolog | Tadbirkor
Marketingni biznesga aylantirish haqida yozaman

Bog‘lanish: @shohzodpolatov
Открыть в Telegram