9/30
To'lov og'rig'i
Tan olaman, men deyarli naqd pul ko'tarib yurmayman. Kim menga "faqat naqd" desa, o'sha eshikga kirmaslikga harakat qilaman. Naqd sanab berish og'ritadi, kartani tegizish esa yo'q.
Lekin bugun gap naqd yoki kartada emas. Undan kattaroq narsa haqida - to'lov og'rig'i haqida. Mijoz og'rinib to'layotgan bo'lsa, ayb pulda emas. Ayb shundaki, siz unga yetarli qiymat bermayapsiz.
Og'riq aslida o'lchov. U narx mijoz ko'zida olgan qiymatidan og'irroq ekanini ko'rsatadi. Demak yechim narxni tushirish emas, ikkinchi pallaga qiymat qo'shish.
Qimmat brend do'koniga kirganingizni eslang. Eshikda xodim kutib oladi, sizga shaxsiy maslahatchi biriktiriladi, tanlovlaringizni ortingizdan ehtiyotlab olib yuradi. Choy, qahva, desert bepul. Bularning bittasi ham mahsulotga aloqador emas. Bularning hammasi og'riqni kamaytiruvchi tabletkalar. To'lov paytiga yetganda miya shuncha qiymat olgan-ki, narx endi og'ritmaydi.
Shuning uchun haqiqiy premium brend hech qachon "biz qimmatmiz" demaydi. "Qimmat" so'zining o'zi og'riq signali. Ular shunday tajriba quradi-ki, mijoz to'laganda og'rimaydi, aksincha o'zini qadrlangandek his qiladi.
Har sohada bu tabletkalar boshqacha. Korzinka klassik, qulay, hammaga ochiq. Lekin premium market boshqacha quriladi. RM Market (Mirobod Avenue) yoki Macrocenter (Turkey) aynan shunday (albatta bilganlarim orasida). Narx balandroq bo'lsa-da, mijoz og'rinmaydi, chunki shuncha qulaylik va e'tibordan keyin narx o'zini oqlaydi. O'sha marketni e'tiborsiz qilib qo'ysangiz, xuddi shu narx birdan qimmat bo'lib ko'rinadi.
Mana kalit. Narx og'rig'i mutlaq emas, nisbiy. Mijoz olgan qiymatga qarab oshadi yoki kamayadi.
Shuning uchun men doim bir savol beraman: mijoz og'rinib to'layaptimi? Agar ha bo'lsa, narxni emas, mijoz yo'lini ko'raman. U eshikdan to'lovgacha qancha qiymat, qancha e'tibor oldi ? Har bosqichda og'riqni yumshatadigan nuqta qo'yaman. Toki oxirida mijoz "nega og'rinmasdan oldim" deganda, javob shu bo'lsin: chunki bu yerda hamma narsa men uchun qulay qilingan edi.
Bitta chegara bor. Tajriba bilan og'riqni yumshatish boshqa, mijozni sezdirmay aldab cho'ktirish boshqa. Birinchisi sodiq mijoz yaratadi, ikkinchisi umrbod ishonchni o'ldiradi.
To'lov og'rig'i mijoz sizdan qancha qiymat olganini aytib turuvchi o'lchov. Mijoz og'rinsa, narxni ayblamang, xizmatingizga qarang. Mijoz yo'lining har nuqtasida og'riqni yumshating. Shunda narx ikkinchi planga tushadi, qiymat oldinga chiqadi. Odam qiymatni his qilganda, to'lov og'riq emas, zavqqa aylanadi.
Amaliy vazifa: bugun mijoz yo'lini eshikdan to'lovgacha qog'ozga chizing. Har nuqtada so'rang - bu yerda mijoz og'riq oladimi yoki qiymat? Og'riqli har nuqtaga bittadan tabletka qo'ying: kichik e'tibor, qulaylik yoki bepul bonus. Bir hafta ichida to'lovdagi e'tirozlar kamayganini ko'rasiz.
Ertaga 10/30 Eksklyuzivlik effekti. Bu to'lov og'rig'ini yo'qotishning eng yuqori bosqichi. Mijozga "siz tanlangansiz" degan hissni berish. Nega eshigi yopiq, faqat ayrim odamlar uchun ochiq davra, hammaga ochiq taklifdan qimmatroq va qadrliroq tuyuladi ?
Qiziq bo’lsa 🔥 yondirib yuboringlar, keyingilari ham ancha qiziq.
Scaleup |
@scaleupuz
Обсуждение 2
Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.
Обсудить в Telegram