8/30
IKEA effekti
Bir g’alati narsani payqaganmisiz. O’zingiz yig’gan mebel, o’zingiz damlagan kofe yoki o’zingiz qatnashgan loyiha negadir boshqalarникidan qadrliroq tuyuladi. Sifat bir xil bo’lishi mumkin, lekin sizning ko’zingizda u qimmatroq. Mana shu IKEA effekti.
Nomi bejiz emas. IKEA mebelni tayyor holatda emas, qismlarga ajratib sotadi. Mijoz uyiga olib borib, vint va kalit bilan o’zi yig’adi. Mantiqan bu noqulaylik, axir odam tayyor mebelni afzal ko’rishi kerak. Lekin aksincha bo’ldi. O’zi yig’gan odam o’sha shkafga ko’proq bog’lanib qoldi, unga ko’proq qiymat berdi, undan ko’proq faxrlandi. Behavioral iqtisodchi Dan Ariely buni tajribada isbotlagan. Odamlar o’zlari yasagan oddiy narsaga, professional yasagan chiroyliroq narsadan ko’ra ko’proq pul to’lashga tayyor bo’lgan.
Sababi oddiy. Mehnat egalik tuyg’usini tug’diradi. O’tgan postdagi egalik effektini eslang, o’sha yerda mijoz mahsulotni qo’lga olgani uchun bog’lanardi. Bu yerda esa u mahsulotni emas, unga sarflagan o’z mehnatini, vaqtini, kuchini seva boshlaydi. U endi mahsulotni emas, o’zining bir bo’lagini himoya qiladi.
Men buni biznesda shunday qo’llayman. Mijozni jarayonga qo’shing. Ta’limda ota-onani maktab loyihasiga, bola rivojini kuzatish jarayoniga qo’shsangiz, ular endi mijoz emas, hammuallifga aylanadi. Hammuallif esa hech qachon ketmaydi.
Kofe sohasida bu ayniqsa kuchli. Odam o’zi damlagan, o’zi tanlagan don, o’zi sozlagan retsept bilan kofega alohida mehr qo’yadi. Shuning uchun master-klass, o’zing yig’adigan tajriba, ishtirok etish formati, bularning hammasi sodiq mijoz yaratadi.
Lekin bir muvozanatni saqlash kerak. Mehnat mijozni bog’laydi, ammo ortiqcha mehnat undiradi. Agar jarayon juda murakkab yoki charchatadigan bo’lsa, effekt teskari aylanadi va mijoz qochadi. IKEA ham mebelni yig’sa bo’ladigan, lekin haddan tashqari qiyin bo’lmagan darajada qoldiradi. Demak siz mijozga shunchalik ishtirok bering-ki, u o’zini ijodkor his qilsin, lekin charchamasin.
Odam o’zi qatnashgan narsani ko’proq qadrlaydi. Mijozni passiv iste’molchidan faol ishtirokchiga aylantiring. U mahsulotni emas, o’zining unga qo’shgan hissasini seva boshlaydi va aynan shu sevgi uni sizga bog’lab qo’yadi.
Aytmoqchi, yaqinda O’zbekistonda ham IKEA o’z eshiklarini ochmoqda degan xushxabarlar yuribdi. Agar shunday bo’lsa, biz ham nihoyat o’sha mashhur effektni o’z qo’limiz bilan, o’zimiz yig’gan shkaf orqali his qilamiz. Brend qog’ozda emas, vint va kalit qo’lga olganda boshlanadi.
Ertaga 9/30 To’lov og’rig’i. Nega naqd pul to’lash karta yoki rassrochkadan ko’ra ko’proq “og’ritadi” va aqlli brendlar bu og’riqni qanday yumshatadi? Pul ayrilishning jismoniy og’rig’i bor va uni boshqarish butun sotuvni o’zgartiradi.
Qiziq bo’lsa 🔥 yondirib yuboringlar, keyingilari ham ancha qiziq.
Scaleup |
@scaleupuz
Обсуждение 2
Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.
Обсудить в Telegram