6/30
Taqchillik
"Atigi 3 ta qoldi" degan yozuvni ko'rganda qo'limiz o'zi cho'ntakka boradi. Bir soniya oldin u mahsulot bizga unchalik kerak emas edi. Endi esa uni qo'ldan chiqarib qo'yishdan qo'rqamiz. Mahsulot o'zgarmadi, faqat uning miqdori haqidagi bitta jumla o'zgardi.
Buning ortida oddiy bir haqiqat yotadi. Inson ongida kam narsa qimmatli, ko'p narsa arzon. Bu instinkt bizga ajdodlardan qolgan. Resurs cheklangan dunyoda yashagan odam uchun "tugab qolyapti" degan signal harakatga chaqiruv edi. Ikkilanib turgan kishi resursdan quruq qolardi. Shuning uchun bugun ham taqchillik signalini ko'rganda miyamiz fikrlashni to'xtatib, tezroq egallashga buyruq beradi.
Bu yerda taqchillik o'tgan postlardagi ikki effekt bilan birlashadi. Bir tomondan u yo'qotish qo'rquvini uyg'otadi, chunki imkoniyatni boy berish og'riq beradi. Ikkinchi tomondan, kam narsa atrofida ko'pincha olomon to'planadi, ya'ni ijtimoiy dalil ham qo'shiladi. Mana shuning uchun taqchillik sotuvdagi eng kuchli tezlatkichlardan biri.
Taqchillik ikki shaklda bo'ladi.
Birinchisi miqdor bo'yicha, "atigi 8 o'rin qoldi".
Ikkinchisi vaqt bo'yicha, "aksiya yakshanba kuni tugaydi". Ikkalasi ham bir maqsadga xizmat qiladi, qaror qabul qilishni cho'zib o'tirmaslikka majburlash. Men o'z biznesimda buni doim ko'raman. Maktab qabulida "guruhda 5 o'rin qoldi" degan haqiqiy raqam, "joylar bor" degan loqayd gapdan o'n barobar kuchli ishlaydi. Premier'da "bu narx faqat shu hafta" degan chegara mijozni bugun qaror qilishga undaydi.
Endi eng muhim qismi, halollik. Men bu yerda qat'iy turaman. Taqchillik faqat haqiqiy bo'lsagina ishlaydi va obro'yingizni saqlaydi. Agar siz "atigi 3 ta qoldi" deb yozsangiz, ertaga ham, indinga ham o'sha "3 ta" tursa, mijoz buni bir marta sezadi va boshqa hech qachon ishonmaydi. Yasama taqchillik qisqa muddatli sotuv beradi, lekin uzoq muddatli ishonchni o'ldiradi. Haqiqiy taqchillik esa, masalan sinfdagi haqiqiy 20 ta o'rin yoki mavsumiy mahsulotning chekli zaxirasi, hech qanday yolg'onsiz ishlaydi. Sizning vazifangiz yo'q taqchillikni to'qish emas, bor cheklovni ko'rinadigan qilish.
Kam narsa qimmatli ko'rinadi, bu inson tabiati. Loyiha sifatida vazifangiz haqiqiy cheklovni ochiq ko'rsatish, soxtasini to'qib chiqarish emas. Chunki bir marta yolg'on taqchillikda ushlangan brend, butun ishonchini bir zumda yo'qotadi.
Qiziq bo’lsa 🔥 yondirib yuboringlar, keyingilari ham ancha qiziq.
Ertaga 7/30 Veblen effekti.
Nega ayrim mahsulotlar qimmatlashgani sari ko'proq sotiladi? Yakor effektiga butunlay teskari ishlaydigan bu paradoks premium brendlarning butun siri.
Scaleup |
@scaleupuz
Обсуждение 1
Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.
Обсудить в Telegram