avatar
Orif Tolib
@oriftolib
24.02.2026 04:15
Esseda ball yoʻqotmaslik uchun: xususiy universitetlar nomi qanday yoziladi?

Milliy sertifikat va olimpiada esselarida koʻpchilik chalgʻiydigan nozik masala bor. Hozir koʻchada Alfraganus universiteti, Profi universiteti kabi reklamalarni koʻrib koʻzimiz oʻrganib qolgan. Lekin bu imlo jihatidan toʻgʻrimi?

Imtihonda ballingizni qirqib ketuvchi bu chigallikni yechamiz! 👇


1️⃣ Tavsifiy nomlar qoʻshtirnoqsiz yoziladi

Agar universitet nomi uning qayerda joylashgani yoki qaysi sohaga ixtisoslashganini bildirsa, bu oddiy soʻz birikmasidir. Faqat birinchi soʻz bosh harfda yoziladi.

✅ Osiyo xalqaro universiteti

✅ Fan va texnologiyalar universiteti

Bu qoidaga toʻliq tushmaydigan boshqa misol bor:

✅ Toshkent Kimyo xalqaro universiteti

❗️ Eʼtibor bering: bu nomda Kimyo kishi ismi ekan. Aytishlaricha, universitet asoschisi ilm dargohini onasining sharafiga nomlagan. Shu sababli Kimyo soʻzi bosh harfda yoziladi. Universitet nomining ruscha va inglizcha tarjimalarida ham Kimyo soʻzi oʻzgarishsiz va bosh harfda yozilgan.



2️⃣ Shartli nomlar qoʻshtirnoqqa olinadi

Eng koʻp xato qilinadigan joy! Agar oliygoh nomi ramziy soʻz, tarixiy shaxs yoki brend bilan atalgan boʻlsa, u albatta qoʻshtirnoqqa olinadi.

“Profi” universiteti

“Alfraganus” universiteti

“Renessans” taʼlim universiteti

Chet tilidagi nomlar ham xuddi shunday: “University of Business and Science” Toshkent shahri filiali. Inglizcha nomdagi barcha mustaqil soʻzlar bosh harfda yoziladi.


3️⃣ Qisqartmalarda qoʻshtirnoq tushadi

Soʻz takrorlanmasligi uchun qisqartmalardan foydalanishingiz mumkin. Bunda qoʻshtirnoq ishlatilmaydi:

FTU (Fan va texnologiyalar universiteti)

TKXU (Toshkent Kimyo xalqaro universiteti)

TIU (“Turan International” universiteti)


⚠️ Reklamaga ergashmang!

Bannerlarda nom qoʻshtirnoqsiz, hamma harfi kattada yozilishi mumkin (masalan: ALFRAGANUS UNIVERSITY). Bu dizayn xolos! Sizdan matnda dizayn emas, imlo qoidalariga rioya etish talab qilinadi.

📌 Qisqa xulosa:

🔹 Tavsifiy nom: qoʻshtirnoqsiz (Osiyo xalqaro universiteti).

🔹 Ramziy nom: qoʻshtirnoqda (“Diplomat” universiteti).


✈️ Bu postni esse imtihoniga tayyorlanayotgan doʻstlaringizga yuborib qoʻying. Bitta qoʻshtirnoq deb bekorga ball yoʻqotishmasin!

@oriftolib | Boshqa sahifalarimiz
🔥 50
21
18
891 72.3K

Обсуждение 0

Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.

Обсудить в Telegram

Orif Tolib

17.3K
Soʻz. Tahrir. Savodxonlik.

Reklama boʻyicha:
👉 https://is.gd/elonlar

Sahifalarimiz:
👉 https://taplink.cc/oriftolib

Muallif haqida:
👉 https://oriftolib.uz/?p=575

Ijodiy ishlardan oʻgʻrincha foydalanilishiga rozi emasmiz.
Открыть в Telegram