Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Italiyadan qaytib kelib, matbuot anjumani o‘tkazibdi. Gaplaridan, savollarga berayotgan javoblaridan o‘zi va jamoa haqidagi hamma (yomon) gap-so‘zlardan xabardorligi, aftidan, “Futbol plyus” podkastining ham o‘ziga bag‘ishlangan hamma sonlarini ko‘rib chiqqani sezilib turibdi.
Ozgina alami bor. Mening davrimda terma jamoa o‘sdi, sizlar faqat natijani ko‘ryapsizlar, lekin men o‘sgan nuqtalarimizni ham ko‘ryapman. Insof qilinglar, ayniqsa, “bu spagettixo‘r italiyalikning maoshi 4 mln yevro”, degan gapni tarqatishni bas qilinglar! Italyan taomlarini yaxshi ko‘rsam-da, o‘zbek futbolchilariga majburlab yedirayotganim yo‘q, o‘yinlardan keyin osh ham berib turibman, debdi.
Ishqilib, vaqtingiz bo‘lsa,
matbuot anjumanini bir ko‘rib chiqing, 2006-yilgi jahon chempioni, ayrim nuqtalarda ortiqcha nolib yuborayotgandek, jamoa ichidan yo‘q dushmanlarni qidirayotgandek ko‘ringan bo‘lsa-da, lekin o‘zini ancha munosib tutibdi. Yaxshi xabarlardan biri — buyog‘i endi asosan yoshlar, yangi futbolchilar bilan ishlaymiz, O‘zbekistonni jahon chempionatiga olib chiqqan futbolchilar uchun bonus tugadi, debdi.
Men bir narsani aytay-da Fabioxon akaga, balki buni ham yetkazishar, to‘g‘rilikcha. Mana, tez orada Janubiy Koreya bilan o‘ynaymiz, keyin Toshkentda Eron bilan o‘rtoqlik o‘yini ham rejalashtirilayotgan ekan. Shu uchrashuvlarda o‘yin chiroyli bo‘lsa ham, menimcha, Kannavaroga munosabat ancha iliqlashadi. Har qalay, odamlar ko‘r emas, jamoa o‘yini o‘zgarganini ko‘radi. Xuddi Kongoga qarshi 1-taymini hamma e’tirof etayotganidek.
Va, yanvarda bo‘ladigan Osiyo Kubogida O‘zbekistonni chempion qiling, tamom, asli italyan bo‘lsangiz ham sizdan yaxshi o‘zbek bo‘lmaydi O‘zbekistonda. Siz — O‘zbekiston qahramoni bo‘lasiz, siz, balki, deputat ham bo‘larsiz. Biz esa “mana shu mo‘jizaviy chempionlikning hammasi hurmatli Fabioxon akaning qo‘l ostilarida ishlab chiqarilgan”, deb gap tarqatib berishni o‘z zimmamizga olamiz.
O‘zbekistonni chempion qiling, O‘zbekiston bilan chempion bo‘ling, tamom. Ana o‘shanda sizni yomon ko‘rganlar sizni yomon ko‘rganini ham unutib yuboradi. Yig‘loqilarga bahona, yig‘loqi gaplarga o‘rin qoldirmang. Bosing!
Обсуждение 0
Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.
Обсудить в Telegram