avatar
Muhrim / Муҳрим
@muhrim
30.07.2026 15:08
Aprelda, Kontent markazining bir tadbiri bahona, birinchi marta Nukusga borgandim. Atigi yarim kunga. Tadbirdagi ishtirokim tugagach, imkon qadar shaharni aylangandim. 

Shu sayr davomida menga qiziq ko‘ringan narsa — har bir ko‘p qavatli uyning tashqi tomonini chirmoviqday egallab olgan quvurlar edi (yuqoridagi suratlarda): har bir xonadondan yuqoriga qarab quvur chiqib ketgan. Hali atrofiga ko‘p narsa qurib tashlanmagan to‘qqiz qavatli uylar ayniqsa ajabtovur ko‘rinadi — xuddi o‘nlab dudburoni bor paroxoddek.

Qizig‘i, bu quvurlar haqiqatan ham dudburon ekan — xonadonlar ichiga o‘rnatilgan qo‘lbola (va qo‘lbola emas) pechkalarning dudburonlari. “10–15 yillar avval shahardagi barcha domlar markaziy isitish tizimidan uzilgan, shundan keyin odamlar sovuqda qolmaslik uchun mana shunday yechim o‘ylab topgan”, deb tushuntirgan bo‘ldi bir nukuslik.

Shunda bolalik yillari Samarqandning So‘g‘diyona dahasida o‘tgan tanishimning aytgani esimga tushgandi — o‘sha vaqtlarda qish kunlari yuvilgan kiyimlarni uydagi isitish qovurg‘alarida quritish odatiy hol bo‘lgani, ammo 15–20 yil avval butun daha issiqlik ta’minotidan uzib tashlangani, shundan keyin hamma pechlarga, avtonom isitish tizimlariga o‘tganini gapirib bergandi.

Butun hayoti Toshkentda, suvsizlik, gazsizlik, elektrsizlik nimaligini bilmay o‘tgan odam uchun bu manzaralar, bu hikoyalar g‘ayritabiiy ko‘rinadi. “Qaysi tentak o‘ylab topgan bu ishlarni?”, deb o‘ylanib qolasan. Hatto hijolat ham tortasan — rasvo boshqaruvchilar hech bo‘lmasa poytaxt ahli g‘am (va qolgan O‘zbekistonning ahvolini) bilmay yashashi uchun o‘ylab topgan so‘nggi chora shu bo‘lganmikin, deya.

Ne ajabki, dunyoda yaxshi yangiliklar ham bor va ularni ham e’tirof etish kerak: Nukusning ko‘p qavatli uylari yana markaziy qozonxonaga ulanarkan, yana markazlashgan holda isitilarkan. Qandaydir yangi loyiha boshlashibdi, birinchi Nukusda ishlatib, so‘ng shu tajribani Buxoro, Samarqand, Urganch va Zarafshonga ham yoyisharmish.

Shu xushxabar oxirigacha shunday yaxshi bo‘lib qolishi uchun endi ijrochilar loyihani amalga oshirish davomida kamroq o‘g‘irlashlari (baribir o‘g‘irlaysizlar-ku, to‘g‘rimi?), o‘z ishlarini sidqidilroq qilishlari kerak. Ana shunda Nukusu Urganch “dom”larining uzoqdan o‘nlab dudburoni bor paroxoddek ko‘rinishi to‘liq tarixda qolar.

Shaharlarimiz yana shaharga o‘xshayversin!
15 5.9K

Обсуждение 0

Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.

Обсудить в Telegram

Muhrim / Муҳрим

14.2K
Gap bormi? Marhamat — @muhrimchatbot

Tijoriy takliflar uchun @Eightmediamaker’ga murojaat qiling.
Открыть в Telegram