Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Fiskal tahlillar instituti omonatlar bo‘yicha foiz daromadlarini dividendlar bilan tenglashtirib, ular uchun ham 5 foizlik soliq stavkasini belgilash
tashabbusi bilan chiqibdi.
Tahlil instituti aqllilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, 5 foizlik soliqning joriy etilishi davlat budjyetiga qariyb 1,4 trln so‘m qo‘shimcha daromad keltirishi mumkin. Mumkinlikka mumkinu, lekin buning uchun omonatlarning eng kamida hozirgi hajmi saqlanib qolishi kerak bo‘lsa kerak. O‘zi omonatning foiziga yashaydigan odam, shu chiqqan foiziga endi davlat ham o‘zining solig‘i bilan sherik bo‘lishini bilgach, pulini bankka qo‘yish fikridan qaytishi mumkinligini fahmlaydigan biror tahlilchi yo‘qmikin-a?! (vaholanki, o‘dha institut direktorining
mana bu maqolasini o‘qib, u buni bilmasligi mumkin emas, deb o‘ylaysan kishi).
O‘zi-chi, unga bunday soliq solsak, buncha tushum bo‘larkan, bunga bunday soliq qo‘ysak, yana faloncha pul tusharkan, degan g‘ilay-tashabbuslarni ko‘rganimda, Shavkat Mirziyoyev 2017-yilimikin, Payariqda Soliq qo‘mitaning o‘sha vaqtdagi qudratli rahbari Botir Parpiyevni yugurtirgani, shunda pul tushmayotgan hududdan yana qanchadir o‘n million so‘m tushum qilingani haqida gapirib bergani esimga tushaveradi.
Ya’ni, shu kecha-kunduzda ham hech qanday yangi tashabbussiz ham, amaldagi hujjatlarning o‘zini qonun doirasida ishlatish va shunchaki hamma o‘z ishini bilib-bilib qilishi ortidan budjetimizga nafaqat milliardlab, balki trillionlab pul tushirish mumkinligi hammaga ayon.
Qaysidir tashkilot yillab qaysidir solig‘ini to‘lamaydi, qaysidir zavod yillab qaysidir yig‘imni bermaydi, qaysidir idora ham yo‘q joydan o‘ziga imtiyoz yasab olgan chiqar — bunaqa parazitlar son mingta. Ana shular bir silkitilsa, Yangi Toshkentni yana ikki marta qurishga yetgulik pul chiqsa kerak.
Ishqilib, insof sari baraka, kotakonlar. Yaxshisi, borini istisnosiz to‘liq undiringlar, he yo‘q be yo‘q tasavvuringizda oson yo‘llarni izlayvermay, tahlil institutlarining olimlarini ham qiynayvermay, a?
PS. Yaxshi gumonda ham bo‘lish kerak-ku, shunga o‘ylab qoldim: pulni bankka omonatga qo‘ymaslikka, foiz yemaslikka da’vat qilmoqchi bo‘lishganmikin bu tashabbus bilan? Shuni ochiq aytishsa-ku, hammasi ancha tushunarli ko‘rinardi, haa, deb qo‘yardik.
Обсуждение 0
Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.
Обсудить в Telegram