avatar
Laziz Hamidov
@lazizhamidov
21.04.2026 16:15
O‘zbekistonda elektr energiyasi va gaz tariflarining navbatdagi oshirilishi kutilmoqda

Jurnalist Shaxriyor Ismoilxo‘jayevning yozishicha, o‘tgan hafta Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekistondagi missiyasi yakunlari bo‘yicha e’lon qilgan bayonotida tartibga solinadigan narxlarning oshirilishini ma’lum qilgan. Xususan, narxlarning «sekinroq o‘sishi» inflyatsiya xatarlarini yumshatishi ta’kidlangan.

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 31-martdagi qaroriga muvofiq, 2026-yil 1-yanvardan boshlab aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflarini har yili oshirishni nazarda tutuvchi yangi tartib amal qilmoqda. Tariflarni indeksatsiya qilish Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Energetika vazirligi hamda Raqobat qo‘mitasi takliflari asosida amalga oshiriladi.

Narxlarni 1-maydan boshlab yillik inflyatsiya darajasidan kelib chiqib, biroq 10 foizdan oshmagan miqdorda ko‘tarish rejalashtirilgan.

Masalan, 2025-yilda yillik inflyatsiya 9,8 foizdan 7,3 foizgacha sekinlashgan edi. Joriy yilning 1-aprel holatiga ko‘ra, ko‘rsatkich 7,1 foizgacha tushib, 2017-yildan buyon eng past darajani yangiladi.

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, hukumat tariflarni 10 foizdan yuqori darajada indeksatsiya qilish variantini ko‘rib chiqqan. Shunday bo‘lsa-da, uning miqdori bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmagan.

Vazirlar Mahkamasi qarori ijrosini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov zimmasiga yuklatilgan. Shu bilan birga, na Iqtisodiyot va moliya vazirligi, na Energetika vazirligi energiya tariflarining ehtimoliy indeksatsiyasi bo‘yicha ochiqcha izoh bermagan.

2024-yil 1-maydan boshlab so‘nggi bir necha yil ichida ilk bor gaz va elektr energiyasi tariflari oshirilgan edi. Narxlarning navbatdagi oshishi roppa-rosa bir yildan keyin sodir bo‘ldi.

Energiya tariflarining sezilarli darajada o‘sishi va 2028-yildan boshlab subsidiyalashni to‘xtatish haqidagi va’dalarga qaramasdan, davlat tabiiy gaz va elektr energiyasini katta miqdorda subsidiyalashda davom etmoqda: o‘tgan yili «UzGasTrade» davlat kompaniyasi zarar (ichki bozordagi sotib olish va sotish narxi o‘rtasidagi farq)ni qoplash uchun byudjetdan 7 trln so‘m (-26,3 foiz), «O‘zenergosotish» esa 500 mlrd so‘m (-1 foiz) olgan.

@lazizhamidov
🤬 42
👍 5
👎 2
😱 2
14 2.8K

Обсуждение 0

Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.

Обсудить в Telegram

Laziz Hamidov

9.8K
Men Laziz Hamidov ta’lim bo‘yicha jurnalistman, shuningdek, “Tasnif” agentligi rahbariman. Bu yerda shaxsiy qarashlarim, mulohazalarim va atrofdagi yangiliklarga bo‘lgan munosabatim haqida yozib boraman.

Taklif va mulohazalar uchun: @hamidovaloqa_bot
Открыть в Telegram