Zominning Peshag‘orida bir qarich yerdan uch marta hosil olinmoqda
Jizzaxdan Zominga qarab yurganlar yaxshi bilishadiki, bundan atigi besh yoki olti yil oldin adirlik va qirlardan iborat, osmondan bir tomchi suv tushishiga muhtoj bo‘lgan lalmi maydonlar ayni kunlarda katta-katta bog‘-rog‘lar va uzumzorlarga aylangan. Buning zamirida albatta katta mehnat, qunt va mashaqqat yotadi.
Katta yo‘lning yoqasidan tog‘-on bag‘rilariga tutashib ketgan Peshag‘or mahallasida yashovchilarning mehnatkashligi, yer bilan tillashishi ko‘rib, havasingiz keladi. Bugun mahalla ahli tomorqani shunchaki «bog‘-rog‘” emas balki haqiqiy daromad manbaiga aylantirgan.
Qishloq oralab yurib, O‘ktam Boboyevning xonadoniga kirganimizda ko‘z oldimizda yam-ashil manzara namoyon bo‘ldi. 8 sotix yerda tiklangan issiqxonada pomidor va bodringlar xuddi saf tortgan askarlardek gullab yotibdi. Eng muhimi, bu yerda ishlar shunchaki emas, balki ilm bilan, innovatsion agrotexnika asosida yo‘lga qo‘yilgan.
O‘ktam Boboyev suhbat asnosida shunday deydi:
— Ilgari yerga faqat mavsumda, yomg‘ir tushishiga va namga qarab bir marta ekin ekardik, qolgan vaqt yer dam olardi, bo‘sh maydonga qo‘y-qo‘zilarni qo‘yib yuborardik. Hozir zamon o‘zgardi, endi tadbirkorlik bilan ish tutapmiz. Yiliga bir qarich yerdan ikki, uch marta hosil olyapmiz. Bu ham ro‘zg‘orning kam-ko‘stiga, ham farzandlar, nevaralarning o‘qishiga, uylantirish, qiz chiqarish to‘ylariga kattagina madad. Mehnatdan qochmasang, yer seni hech qachon quruq qo‘ymaydi. Hozir bodringni orqasidan pomidorni boshlayapmiz.
Darhaqiqat, Peshag‘ordagi bu tajriba tog‘li va adirlikda joylashgan hududlar uchun o‘rnak bo‘lgulik. Oila nafaqat o‘zini sabzavot bilan ta’minlamoqda, balki tuman, viloyat bozorlariga mahsulotlar chiqarib, qo‘shimcha daromadlar ham topapti. Bu degani – mahallada tadbirkorlik rivojlanyapti, ro‘zg‘orlar but bo‘lyapti.
Обсуждение 0
Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.
Обсудить в Telegram