Jizzaxning tog‘oldi hududlarida sel xavfi e’lon qilindi
O‘zgidrometning tezkor ogohlantirishiga ko‘ra, 10–12 aprel kunlari kuchli yomg‘irlar sabab Jizzax viloyatining bir qator tumanlarida sel-suv toshqini yuzaga kelishi mumkin.
Ayniqsa, tog‘oldi va tog‘li hududlarda yashovchi aholi hamda ushbu yo‘nalishlarda harakatlanuvchi haydovchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish so‘ralmoqda.
Ma’lum qilinishicha, xavf asosan Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Forish va Yangiobod tumanlari uchun dolzarb bo‘lib turibdi. Mazkur hududlarda yog‘ingarchilik oqibatida soy va jarliklarda suv sathining ko‘tarilishi, sel oqimlari yuzaga kelishi ehtimoli mavjud.
Ayniqsa, tog‘oldi hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolardan uy-joy atrofidagi ariq va suv yo‘llarini tozalash, farzandlarni xavfli joylarga yaqinlashtirmaslik, zarur hollarda esa xavfsiz hududlarga chiqish choralarini ko‘rish tavsiya etilmoqda.
Mutaxassislar ayrim hududlarda yomg‘ir suvlari to‘planishi natijasida pastlik joylarni suv bosishi mumkinligini ham ta’kidlamoqda. Shu bois, aholi va haydovchilardan tog‘li yo‘llarda harakat vaqtida yanada hushor bo‘lish, ob-havo ma’lumotlarini muntazam kuzatib borish so‘raldi.
Tegishli tashkilotlar tomonidan vaziyat doimiy nazoratga olingan bo‘lib, favqulodda holatlarning oldini olish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Обсуждение 0
Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.
Обсудить в Telegram