Forishda turizm salohiyati yuksalmoqda, Uxum qishlog‘iga xorijiy sayyohlar qiziqishi ortib bormoqda
Forish tumanining eng so‘lim va jozibador maskanlaridan biri bo‘lgan Uxum turizm qishlog‘i bugungi kunda xorijiy sayyohlar uchun tobora mashhur yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda.
Ayniqsa, hududning betakror tabiati, milliy qadriyatlarga boy muhiti hamda aholining samimiy mehmondo‘stligi mehmonlarda unutilmas taassurot qoldirmoqda.
Yaqinda Italiya davlatidan tashrif buyurgan sayyohlar Uxum qishlog‘ining go‘zal manzaralari, musaffo havosi va so‘lim tabiatidan bahramand bo‘ldilar. Ular qishloqning tabiiy go‘zalligi, tog‘ bag‘rida joylashgan hududning o‘ziga xos jozibasi hamda sokin muhitini katta qiziqish bilan kuzatdilar.
Shuningdek, mehmonlar mahalliy aholining kundalik turmush tarzi, yashash sharoitlari va asrlar davomida saqlanib kelayotgan milliy an’analari bilan yaqindan tanishdilar. Ayniqsa, tandirda non yopish, milliy taomlar tayyorlash, qo‘l mehnati asosida amalga oshiriladigan an’anaviy jarayonlar ularda katta taassurot qoldirdi.
Sayyohlar o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi, samimiy muomalasi va milliy urf-odatlarga bo‘lgan hurmatini alohida e’tirof etdilar. Ular uchun tashkil etilgan madaniy tanishuvlar nafaqat hududning turistik imkoniyatlarini, balki milliy merosimiz boyligini ham yaqqol namoyon etdi.
Uxum qishlog‘i kabi noyob manzillarning xalqaro miqyosda targ‘ib etilishi Forish tumanining turizm salohiyatini yanada yuksaltirishga, xorijiy mehmonlar oqimini ko‘paytirishga va mahalliy aholi bandligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Uxum qishlog‘i bugun nafaqat Jizzax viloyati, balki mamlakatimizning ekoturizm va etnoturizm yo‘nalishidagi eng istiqbolli maskanlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Обсуждение 0
Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.
Обсудить в Telegram