Do‘stlik tumanida respublika miqyosidagi amaliy seminarda pilla mavsumiga tayyorgarlik va ilg‘or tajribalar muhokama qilinmoqda
Do‘stlik tumanida joriy yilgi pilla mavsumini yuqori uyushqoqlik bilan tashkil etish maqsadida respublika miqyosidagi muhim amaliy seminar boshlandi. Mazkur tadbir viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyev hamda Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova boshchiligida o‘tkazilmoqda.
Seminar Chinobod mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi yig‘ilish bilan start oldi. Unda pilla mavsumini tizimli tashkil etish, sohadagi mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, hududlar kesimida aniq vazifalarni belgilash hamda amaliy ishlar samaradorligini oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tadbirda Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti, hududiy “Agropilla” MCHJ rahbarlari, shuningdek, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi urug‘chilik va pillachilik klasterlari mutasaddilari ishtirok etmoqda. Mutaxassislar tomonidan pilla yetishtirish jarayonlarini takomillashtirish, ipak qurti parvarishi va oziqlantirish ishlarini ilg‘or usullar asosida tashkil etish, hosildorlikni oshirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirilmoqda.
Seminar doirasida ishtirokchilar tumanning Saritepa mahallasi hududida barpo etilgan namunaviy tutzor faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar. Ushbu tutzor ipak qurti uchun sifatli ozuqa bazasini yaratish, pilla mavsumini samarali tashkil etish va sohadagi ilg‘or tajribalarni keng ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shuningdek, viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyev hamda Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova hududlarda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishib, seminar ishtirokchilari bilan muloqot o‘tkazmoqdalar.
Uchrashuvlarda sohada xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularni daromadli mehnat bilan qamrab olish, ayniqsa uy sharoitida ipak qurti parvarishini yo‘lga qo‘yish orqali oilalar daromadini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Respublika miqyosida o‘tkazilayotgan mazkur amaliy seminar pillachilik sohasini yanada rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va joriy mavsumni yuqori saviyada o‘tkazishda muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Обсуждение 0
Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.
Обсудить в Telegram