Soliq siyosatimizdagi asosiy muammo, manimcha, stavkada emas: nima soliqqa tortilishida. Biz soliqni zanjirning oxirida, hosildan emas, boshida, urug'likdan olamiz. Ya'ni sarmoyani jazolab, iste'molni rag'batlantiramiz. Holbuki falsafa teskari bo'lishi kerak: soliq sof daromaddan, ideal holda esa iste'moldan olinishi lozim.
Korxonalarning foyda solig'ini olaylik. Nomiga u sof foydadan: daromaddan xarajat ayirilgandan keyin olinadi. Lekin kapital xarajati (kengayish, uskuna, yangi quvvat) bir yo'la ayirilmaydi: u amortizatsiya orqali yillarga cho'ziladi. Agar o'sha yiliyoq to'liq ayirilsa (ya'ni cash-flow tamoyili bo'lsa), investitsiya jazolanmasdi. Hozir esa tadbirkorning kengayishga urinishining o'zi soliq nuqtai nazaridan qimmatga tushadi. Kengayishga qilingan xarajat soliqqa tortilmasligi kerak.
Jismoniy shaxslar uchun ham xuddi shu. Odam uyini ijaraga bersa, undan 12% soliq olinadi, lekin ta'mir, jihoz, uyning turishiga ketgan xarajat soliqdan keyingi puldan chiqadi. Holbuki bu ham iste'mol emas, daromad keltiruvchi aktivga qilingan sarmoya; uni ayirib tashlash imkoni bo'lishi kerak. Xuddi shunday, agar o'sha odam ijaraga berish uchun yana bir uy olsa yoki mavjudini kengaytirsa: bu sarmoyaga sarflangan pul allaqachon bir marta soliqqa tortilgan daromaddan chiqadi va ijaradan keladigan daromadga qarshi hech qanday hisobga olinmaydi. Ya'ni tizim sarmoyani sarmoya sifatida tan olmaydi.
"Nega bizda investitsiya kam?" degan savolga ham javob shu yerda. Sarmoyaning soliqdan keyingi daromadini kamaytirsangiz, bugungi iste'mol ertangisiga nisbatan arzonlashadi demak tabiiyki, odam sarmoyani emas, iste'molni tanlaydi. Ya'ni tizim investitsiyani ongli ravishda emas, o'z tuzilishi bilan jazolab turadi.
Taklifim shuki, islohot stavkani emas, bazani nishonga olsin. Ijaradan, masalan, 12% olishsa olishsin, lekin ijaraga oid, hujjatlashtirilgan, daromad keltiruvchi xarajatni ayirib tashlash imkoni bilan. O'zbekcha aytganda: urug'likni soliqqa olmaslik, hosildan olish kerak.
Обсуждение 0
Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.
Обсудить в Telegram