Bugungi kunda
raqamli moliyaviy texnologiyalar rivojlanmoqda va ushbu yo‘nalishda
tizimli ishlar izchil amalga oshirilmoqda.
Moliyaviy texnologiyalar (FinTech) nima?
Bu bank va moliyaviy xizmatlarni raqamli texnologiyalar orqali tez, qulay va xavfsiz amalga oshirish imkonini beruvchi yechimlardir.
Masalan: QR-kod orqali to‘lovlar, NFC (telefon orqali to‘lash), lahzali (onlayn) o‘tkazmalar va boshqalar.
Yana zamonaviy xizmatlardan biri — Account-to-Account.
Mazkur xizmat ham Prezidentning 2025-yil 10-dekabrdagi PF-246-son Farmoni doirasida amalga oshirilmoqda.
Banklar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni ta’minlovchi Account-to-Account formatidagi xizmat ishga tushirildi.
Ushbu xizmat Markaziy bankning Axborotlashtirish Bosh markazi tomonidan yaratilgan texnik infratuzilma asosida amalga oshirilgan.
Account-to-Account (A-A) nima?
Bu jismoniy shaxslar o‘rtasida bir bank hisobidan boshqa bank hisobiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul o‘tkazish imkonini beruvchi yana bir xizmat turidir.
Peer-to-Peer (P2P) dan farqi nimada?
P2P o‘tkazmalarda pul karta raqami orqali yuboriladi.
Account-to-Account’da esa mablag‘ to‘g‘ridan-to‘g‘ri bank
hisobvaraqlari o‘rtasida amalga oshiriladi.
Asosiysi
— bu boshqa karta emas va alohida yangi karta ochish talab etilmaydi.
Bu — mavjud bank ilovangizda tanlanadigan o‘tkazma usuli bo‘lib, pul o‘tkazishda xizmat turini tanlash orqali amalga oshiriladi.
Bu — pul o‘tkazishning yangi usulidir.
Ma’lumot uchun:
Har bir fuqaro karta rasmiylashtirganda, karta bankdagi aynan shu hisob raqami asosida ochiladi.
Bu xizmat barcha banklarda mavjudmi?
Bugungi kunda ushbu xizmat turi barcha banklarga texnik jihatdan taqdim etilgan.
Boshqa o‘tkazma xizmatlaridan ham ilovada foydalanish mumkinmi?
Amaldagi barcha o‘tkazma xizmatlari saqlanib qoladi.
Ushbu xizmat esa qo‘shimcha imkoniyat bo‘lib, fuqarolarga pul o‘tkazishda tanlov imkoniyatini kengaytiradi.
A-A xizmatining komissiyasi qancha bo‘ladi?
Komissiyalar banklar tomonidan o‘zlarining
ichki tarif siyosatiga muvofiq mustaqil ravishda belgilanadi. Komissiya miqdori tanlangan bank va xizmat turiga qarab farq qilishi mumkin.
Muhim:
Markaziy bank bozor iqtisodiyoti sharoitida regulyator sifatida komissiyalarni belgilash jarayoniga aralashmaydi.
Shuningdek, ABM to‘lov xizmatlarini ko‘rsatmagani va mijozlar bilan ishlamagani sababli komissiyalarni belgilashda ishtirok etmaydi.
Shu munosabat bilan fuqarolarga banklar tomonidan taqdim etilgan tariflar va komissiyalar bilan oldindan tanishib chiqish tavsiya etiladi. Turli banklar shartlarini solishtirish orqali o‘z ehtiyoj va afzalliklaringizdan kelib chiqib eng maqbul moliyaviy xizmatlarni tanlash, shuningdek muqobil variantlarni baholash imkonini beradi.
Обсуждение 0
Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.
Обсудить в Telegram