Iordaniya futbol bo‘yicha jahon chempionatiga yo‘llanmani shunday nishonladi. 10-iyun kuni biz ham shunga o‘xshash nishonlasak kerak.
O’sha vaqtda futbol federatsiyasiga rais bo’lgan, rahmatli Mirabror Usmonov saralashdagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin: “JCHga chiqsak, bu tasodif bo‘lmasligi kerak. Mamlakat futbol xo‘jaligi termani JCH saralashlarida qolganlardan bir bosh ustun bo‘lishini ta’minlashi, yo‘llanmani olmay qolsak tasodif bo‘lishi kerak” degan edi.
O‘shanda bu gap juda ko‘p odamga yoqmagan, lekin eng to‘g‘risi shu edi. Doimo saralash matematika bilan boshlanib, haqoratlar bilan yakunlanar edi.
Bugun O‘zbekistonda o‘ylangan futbol xo‘jaligi yaratildi. Nafaqat futbol xo‘jaligi, uning atrofidagi muhim shartlar: davlatni futbolga munosabati, barqaror iqtisodiy asoslar, muxlislar birdamligi va asosiysi, ichki chempionatda adolatli raqobat muhiti shakllandi. To‘g‘ri, hali kutganimizdek mukammal emasdir, lekin natija, shu yo‘lda davom etishimiz kerakligini ko‘rsatmoqda.
Bizni ham avvaldan yo‘llanmani naqd qilib, keyingi o‘yinlarni zavq uchun tomosha qiladigan kunlarimiz bor ekan.
Birinchi marta bo‘lgani uchun eyforiyadan qocha olmaymiz, to‘g‘ri, lekin do‘ppini yechib qo‘yib, hozirdan o‘ylashimiz kerak bo‘lgan ikkita masala bor: mundialda guruhdan chiqadigan jamoani qanday tayyorlaymiz va kelgusi saralashda tarkibimiz qanday bo‘ladi.
Timur Kapadzega ishonishda davom etish tarafdoriman, lekin Ranyeri yoki uning darajasida JCH tajribasi ko‘p bo‘lgan nafaqadagi otaxon murabbiylardan maslahatchi zarar qilmasa kerak.
Sport, ayniqsa futbol jamiyatdagi birdamlikni ko’rsatadigan ko’rsatkichlardan biri. O’zbekiston g‘alabani baland ovozda birgalikda nishonlay olganidek, muammolarni ham mustahkam birlikda yecha oladigan darajada o’zgarmoqda.
@alisherQodir
Обсуждение 0
Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.
Обсудить в Telegram