avatar
Muslim/podcast.uz
@Muslim_Podcast_uz
09.05.2026 13:58
#Muslim_podcastda 
#Kun_oyati

ODAMLARDAN YO‘LGA QODIR BO‘LGANLARGA ALLOH UCHUN BAYTNI HAJ QILMOQ BURCHIDIR

Oyat tafsiri: Ushbu ikki oyatda Alloh taolo Baytullohning fazlini, qibla bo‘lishga eng haqli joy shu yer ekanini bayon qilyapti. Namoz vaqtida u tomonga yuzlanishdan tashqari, imkon topganlar uni haj qilishi ham farz bo‘lganini e’lon etyapti.

«Bakka» – Makkai Mukarramaning ismlaridan biridir. «Bakka» so‘zining lug‘aviy ma’nosi «taqillatib urmoq» bo‘lib, Makkada har qanday mag‘rurning ham bo‘yni egiladi, shuning uchun uni «Bakka», deb ham ataladi.

«Odamlarga muborak, olamlarga hidoyat qilib qo‘yilgan birinchi uy Bakkadagi uydir».

«Bakkadagi uy» – Baytulloh. Odamlarga ibodat uchun, butun olamlarning hidoyati uchun qurilgan birinchi uy Baytullohdir. Undan avval bunday uy qurilgan yo‘q. Bu uy muborak bo‘lib, uni kim haj yoki umra qilsa, ko‘plab yaxshilik va manfaatlar topadi.

«Unda ochiq alomatlar», ya’ni Baytullohning o‘zida boshqalardan ustunligiga ochiq-oydin alomatlar bor.

«...va maqomi Ibrohim bor».

Ulamolarimiz fikrlaricha, «Maqomi Ibrohim» deb Ibrohim alayhissalom Baytullohni qurayotganlarida ustida turgan toshga aytiladi. U toshga u zot alayhissalomning oyoq izlari tushib qolgan. Avvallari Ka’bai Muazzamaga tegib turar ekan. Keyinroq hazrati Umar roziyallohu anhu, uning yonida namoz o‘qiyotganlar tavof qilayotganlarga xalaqit bermasin deb chetroqqa oldirganlar. Hozirgi kunda shisha g‘ilof ichiga olinib, yerdan ma’lum miqdor ko‘tarib qo‘yilgan.

«Kim unga kirsa, tinch bo‘ladi».

Bu fazilat dunyodagi hech bir joyda yo‘q. Ibrohim alayhissalom bu baytni Allohning amri va o‘g‘illari Ismoilning yordami bilan qurganlaridan buyon har bir xavf-xatardagi odam uchun tinchlik-omonlik maskani bo‘lib kelmoqda. Hatto arablar johiliyat davrida ham bu qoidaga amal qilishgan. Ba’zi bir jinoyatchilar Masjidul Haromga kirib olishsa, unga tegmaganlar. Arablarda o‘ch olish tuyg‘usi juda yuqori bo‘lishiga qaramasdan, otasini o‘ldirib Masjidul Haromga kirib olgan odamni uchratgan o‘g‘il ham uning oldidan indamay o‘tib ketavergan.

Olimlarimiz ushbu oyati karimadan, jinoyat qilgan odam qochib Harami Sharifga kirib olsa, unga ozor berilmaydi, ammo unga joy, taom berilmasdan, muomala qilinmasdan, Harami Sharifdan qaytib chiqishga majbur etiladi va chiqqandan so‘ng ushlab jazosi beriladi, deb hukm chiqarishgan.

«Odamlardan yo‘lga qodir bo‘lganlarga Alloh uchun Baytni haj qilmoq burchidir».

Ushbu oyati karima ila haj ibodati farz bo‘lgan. Ma’noning o‘zidan bilinib turibdiki, haj ibodati hammaga ham farz bo‘lavermaydi. Balki «Odamlardan yo‘lini topganlariga» farz bo‘ladi. Ular kimlar? Ular – sog‘ligi yaxshi, hajga borib-kelishga oilasidan oshirgan mablag‘i bor, yo‘lida xavf-xatar yo‘q, ayol kishi bo‘lsa, mahrami bor shaxslardir. Ushbu shartlarni o‘zida mujassam etgan har bir musulmonga umrida bir marta haj qilish farzdir. Ular imkoni bo‘lib turib, haj qilmasalar, katta gunoh qilgan bo‘ladilar. Shuning uchun ham oyatning oxirida:

«Kimki kufr keltirsa, Alloh olamlardan behojatdir», deyilyapti.

Ya’ni kimki imkoni bo‘lib turib, haj qilmasa, Allohga buning zarari yo‘q. Chunki U – butun olamlarga, jami borliqqa va umuman, hech kimga hojati yo‘q Zot. Binobarin, haj qilmaganning toatiga ham behojatdir. Bu yerda imkoni bo‘lib turib, haj qilmaslik kufrga tenglashtirilyapti.

Haj ibodati musulmonlarning yillik umumiy yig‘ilishidir. Ular yilda bir marta o‘zlariga hidoyat nuri taralgan markazda to‘planadilar. Hamda ko‘plab foydalarga ega bo‘ladilar

📝 Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf

Tafsiri hilol, 4-juz

TelegramInstagram*

Facebook*YouTube

MUSLIM.PODCAST.UZ GA OBUNA BO'LING VA ULASHING
3
👍 2
🥰 1
👏 1
🕊 1
17 2K
* Принадлежит организации Meta, которая признана экстремистской и запрещена на территории РФ

Обсуждение 0

Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.

Обсудить в Telegram

Muslim/podcast.uz

4.5K
👉instagram*.com/muslim_podcast_uz
👉facebook*.com/muslimpodcastuz
👉youtube.com/@muslim_podcast_uz

Diniy savol uchun: @SavollarMuslimUzBot
Call markaz: +998 78 150-33-44

Xorijdagi hamyurtlarimiz uchun:
@fatvo_call_1
@fatvo_call_2
WhatsApp+998 9178066-33
* Принадлежит организации Meta, которая признана экстремистской и запрещена на территории РФ
Открыть в Telegram