avatar
Doniyorbek Muminov | Qurilish bo'yicha mutaxassis
@MuminovDoniyorbek
08.05.2026 15:32
Baland binolar poygasi

Oxirgi kunlarda Qozog‘istonda bunyod etilayotgan “Alatau City” loyihasida 272 metrli osmono‘par bino qurilishi haqida xabarlar chiqdi. Tabiiyki, bu fonda O‘zbekistonda ham “bundan balandroq bino qurish kerakmi?” degan savollar paydo bo‘lyapti. Hozircha O‘zbekistondagi eng baland bino Nest One hisoblanadi va uning balandligi 200 metrni tashkil etadi. Lekin masala “kimniki balandroq?” degan raqobatda emas, menimcha.

Bir paytlar baland qavatli binolar biz uchun texnologik va muhandislik imkoniyatining ramzi edi. Ya’ni, O‘zbekistonda ham zamonaviy va murakkab inshootlarni qurish mumkinligi isbotlandi. Lekin endi boshqa savol paydo bo‘lyapti: baland binolar qanchalik funksional va uzoq muddatda qanchalik foydali?

Bunga misol sifatida Xitoy tajribasini olish mumkin. U yerda juda ko‘plab ulkan inshootlar qurildi — dunyodagi eng katta aeroportlar, eng uzun ko‘priklar, eng yirik transport markazlari va osmono‘par binolar. Rekordlar o‘rnatildi. Lekin vaqt o‘tishi bilan boshqa muammo, ekspluatatsiya masalasi yuzaga chiqdi. Ya’ni bino qurishning o‘zi emas, uni o‘nlab yillar davomida saqlash, xizmat ko‘rsatish va iqtisodiy jihatdan oqlash masalasi.

Dunyoda demografik tendensiyalar ham o‘zgarib boryapti. Odamlarning yashash tarzi, ishlash modeli, urbanizatsiya shakli o‘zgaryapti. Bugun ehtiyoj yuqori bo‘lgan infratuzilma 20-30 yildan keyin avvalgidek zarur bo‘lmasligi mumkin. Shuning uchun har qanday yirik loyiha faqat bugungi kun emas, uzoq muddatli iqtisodiy, texnik va demografik faktorlar asosida baholanishi kerak.

Mening fikrimcha, Toshkentga yoki O‘zbekistonga Alataudan balandroq bino qurish shart emas. Eng muhimi balandlik emas, rentabellik va foydalilik. Texnik jihatdan juda murakkab va qimmat bo‘lgan loyihalar o‘rniga, inson uchun qulay shahar konsepsiyasi asosida rivojlanish ko‘proq natija beradi.

Bugun Markaziy Osiyoda ijobiy raqobat ketyapti. Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston — hamma yangi city’lar, yangi markazlar qurishga harakat qilyapti. Lekin bu raqobat “kimning binosi balandroq?” degan savol atrofida emas, balki “kimning shahri yashash uchun qulayroq?” degan savol atrofida bo‘lishi kerak. Menimcha, aynan shu yondashuv kelajak uchun eng to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi.
👍 18
4
1 485

Обсуждение 0

Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.

Обсудить в Telegram

Doniyorbek Muminov | Qurilish bo'yicha mutaxassis

825
Qurilish bo'yicha mutaxassis Doniyorbek Muminovning kanaliga xush kelibsiz!

🏗 Construction Manager | Buyuk Britaniya, Xitoy, O‘zbekiston, Rossiya tajribasi.
Открыть в Telegram