Alatau City va iqtisodiy markaz uchun raqobat haqida
Qo‘shni Qozog‘istonda boshlanayotgan
Alatau City loyihasi e’tiborimni tortdi va shu haqda qisqacha fikrlarimni bildirib o‘tmoqchiman.
Umuman olganda, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo butun dunyo e’tiboriga tushib borayotgani sezilyapti.
Xitoy, Rossiya, AQSH va Yevropa Ittifoqi mintaqaga alohida davlatlar emas, balki yagona hudud sifatida qaray boshladi. Bu esa tabiiy ravishda ichki raqobatni ham ijobiy tomonga o‘zgartiryapti.
Shu jarayon fonida, Olmaota yaqinida 88 ming gektar hududni qamrab olgan Alatau City loyihasi e’lon qilindi. Rejaga ko‘ra, 2030-yilgacha asosiy infratuzilma (yo‘llar, kommunikatsiyalar) qurib bitkaziladi, loyiha esa 2050-yilga borib to‘liq yakunlanadi.
Bu loyiha nimasi bilan qiziq? Avvalo, u Buyuk Ipak yo‘li va “Bir makon — bir yo‘l” tashabbusi doirasida Yevropa bilan Xitoyni bog‘lovchi muhim nuqtaga aylanishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, hudud 4 qismga bo‘linadi:
— administrativ va moliyaviy markaz;
— ta’lim va innovatsiyalar hududi;
— ishlab chiqarish zonasi;
— yashil hudud.
Yana bir e’tiborli jihat, balandligi
272 metr bo‘lgan osmono‘par bino qurilishi rejalashtirilgan va u Markaziy Osiyodagi eng baland inshootlardan biriga aylanishi mumkin.
Eng katta farq esa boshqaruv modelida. Bu hudud uchun alohida maqom berilgan: soliqlar deyarli nol darajada, budjet mustaqil, boshqaruv alohida kengash orqali amalga oshiriladi, Angliya qonunchiligi asosida ishlaydi. Ya’ni bu hududni bemalol “mamlakat ichidagi alohida iqtisodiy zona” deb atash mumkin.
Shu sabab Singapur, Janubiy Koreya, Xitoy va AQSHlik investorlar faol qiziqish bildirmoqda. Hozirning o‘zida qariyb 800 mln dollarlik loyihalar boshlangan.
Bu loyiha O‘zbekiston uchun ham jiddiy signal beryapti. Chunki bizning asosiy ustunligimiz — Markaziy Osiyoning markazida joylashganimiz va aholi soni katta ekani.
Alatau City esa aynan shu bozorlarga yaqinlik orqali ustunlik qilmoqchi. Demak, endi raqobat ancha ochiq va real bosqichga o‘tyapti. Bu raqobatda yutish uchun nafaqat loyihalar, balki ularning tezligi, shaffofligi va investorlar uchun jozibadorligi hal qiluvchi omil bo‘ladi.
Обсуждение 0
Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.
Обсудить в Telegram