avatar
Doniyorbek Muminov | Qurilish bo'yicha mutaxassis
@MuminovDoniyorbek
27.04.2026 10:45
Xayriya tushunchasini kengroq oʻylash vaqti keldi

Oʻzbekistonda xayriya deganda koʻpchilikning xayoliga birdan masjid qurish keladi. Bu, albatta, yaxshi va savobli ish. Lekin xayriyaning koʻlami bundan ancha kengroq boʻlishi mumkinligini boshqa jamiyatlar misolida yaqqol koʻrish mumkin.

Masalan, Buyuk Britaniyada xayriya jamoatchilik uchun foydali boʻlgan har qanday infratuzilmaga hissa qoʻshish degani. Katta bino qurish shart emas, oddiy park, kutubxona, hatto kichik oʻrindiq ham jamiyat uchun katta qiymat yaratadi.

Northampton markazidagi Abington parki bunga yorqin misol. U oʻz vaqtida Uilyam Shekspir avlodiga tegishli yer boʻlgan, 1894-yilda xayriya sifatida jamoatchilikka topshirilgan. Bugun esa minglab odamlar bemalol foydalanayotgan ochiq maskanga aylangan. Bogʻ hududi 50 gektarni tashkil qiladi, bu esa 70 ta futbol stadioni maydoniga teng degani. Bir qarashda oddiy park, lekin ortida katta tafakkur yotibdi. Bu — jamiyatga qaytarish madaniyati.

Yoki dunyoga mashhur Oxford universitetiga tegishli Said Biznes Maktabini olsak, bu ham shunchaki nom emas, katta xayriya ortida paydo boʻlgan ilm maskani. Maktab hozirgacha umumiy 38 mln AQSH dollari miqdorida ehson qilgan. Kimdir oʻz mablagʻini taʼlim rivoji uchun beradi va uning nomi shunchaki yozib qoʻyilmaydi. Aksincha, jamiyatdagi hissasi bilan esda qoladi.

Eng qizigʻi, bu madaniyat faqat katta loyihalar bilan cheklanmaydi. Oddiy park oʻrindiqlariga eʼtibor bering, har birida kimningdir nomi yozilgan boʻladi. Bu oʻrindiqlar koʻpincha oila aʼzolari tomonidan oʻrnatilib, yaqin inson xotirasiga bagʻishlanadi. Shu bilan birga, boshqalarga xizmat qiladi. Juda oddiy, lekin juda mazmunli xayriya shakli, toʻgʻrimi?

Bizda ham shunday yondashuv shakllansa nima boʻladi? Har kim oʻz imkonidan kelib chiqib, jamiyatga kichik boʻlsa ham foyda qoldirsa, natija umuman boshqacha boʻlardi. Chunki xayriya faqat katta pul emas, fikrlash tarzi degani.
👍 15
5
👏 3
4 2.3K

Обсуждение 0

Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.

Обсудить в Telegram

Doniyorbek Muminov | Qurilish bo'yicha mutaxassis

825
Qurilish bo'yicha mutaxassis Doniyorbek Muminovning kanaliga xush kelibsiz!

🏗 Construction Manager | Buyuk Britaniya, Xitoy, O‘zbekiston, Rossiya tajribasi.
Открыть в Telegram