Kuni kecha bir yangilik e’tiborimni tortdi. “O‘zsanoatqurilishbank” ATB investitsiya kompaniyasi ta’sischiligidagi “SQB TESTING AND RND CENTER” MCHJ jamoasi va Toshkent arxitektura-qurilish universiteti tadqiqotchilari hamkorlikda yangi turdagi polimer kompozit materiallarni
sinovdan o‘tkazibdi.
Qiziq tomoni, bu sinovlarda bazalt va shisha tolali kompozitlardan tayyorlangan konstruktiv elementlar faxverk tizimida qo‘llanib, Turin politexnika universiteti texnoparkidagi sun’iy zilzila platformasida 5 balldan 9 ballgacha bo‘lgan yuklamalarda tekshirilibdi. Natijada materiallarning mustahkamligi, deformatsiyasi va zilzilabardoshlik ko‘rsatkichlari ilmiy asosda baholangan.
Rostdan ham, O‘zbekistonda qurilish uchun eng katta xavflardan biri — zilzila. Ba’zan bu xavf yong‘indan ham jiddiy oqibatlarga olib keladi. Ayniqsa, Toshkent va vodiy hududlarida 9 ballgacha bo‘lgan seysmik talablar bor. Hatto Toshkentning o‘zida ham hududlarga qarab zilzilabardoshlik darajasi farq qilishi mumkin, bu esa geologik sharoit bilan bog‘liq.
Shuning uchun bunday sinovlarning aynan mahalliy materiallar asosida o‘tkazilayotgani meni ochig‘i quvontirdi. Chunki mahalliy mahsulot nafaqat iqtisodiy foyda, balki logistika jihatidan ham eng ishonchli yechim. Oxirgi yillardagi global muammolar shuni ko‘rsatdiki, ichki resurslarga tayanish juda muhim.
Xitoyda o‘qib yurgan paytimda Chongqing universitetida shunga o‘xshash yirik zilzila laboratoriyasini ko‘rganman. U yerda turli universitetlar kelib sinov o‘tkazardi, natijalari esa ilmiy maqolalarga aylanardi. Ya’ni tizimli yondashuv bor edi.
Shu nuqtayi nazardan, bizda ham bunday laboratoriyalar paydo bo‘layotgani juda yaxshi. Endi hamma gap bu jarayonni muntazam davom ettirishda. O‘zbekistonda ochilayotgan yangi universitetlar ham faqat diplom berish bilan cheklanib qolmasdan, aynan shunday ilmiy va amaliy tadqiqotlar bilan raqobatga kirishi kerak. Ayniqsa qurilish sohasida, zilzilabardoshlik, yong‘in xavfsizligi va uzoq xizmat qiladigan materiallar bo‘yicha.
Agar bu yo‘nalish izchil davom etsa, yaqin yillarda O‘zbekiston o‘zining zamonaviy va mahalliy sharoitga mos qurilish yechimlari bilan ajralib turishi mumkin.
Обсуждение 0
Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.
Обсудить в Telegram