Toshkentdagi “Beshqo‘rg‘on” bozorida bo‘lgan yong‘in ko‘pchiligimizni o‘ylantirib qo‘ydi. Yaxshiyamki, hozircha jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘q, lekin bunday holatlar oddiy hodisa emas, tizimga berilgan signal.
Shunaqa vaziyatlarda boshqa davlatlar tajribasi yodimga tushadi. Masalan, Londonda 2017-yilda sodir bo‘lgan
Grenfell Tower yong‘ini. U oddiy yong‘in emas, butun boshli tizimdagi kamchiliklarni ochib tashlagan fojia bo‘lgan. Asosiy muammo esa binoning tashqi fasadida ishlatilgan yonuvchan materiallar va yong‘inning tez tarqalishini to‘xtatadigan texnologiyalarning yetarli emasligi edi. Natijada 70 dan ortiq odam halok bo‘lgan.
Shundan keyin Buyuk Britaniya qurilish va xavfsizlik tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqdi. Eng muhim o‘zgarish boʻlgan xavfsizlik endi “qo‘shimcha” emas, balki loyihaning markaziga olib chiqildi:
Birinchidan, barcha nazorat tizimlari yagona boshqaruv organi — Building Safety Regulator ostiga birlashtirildi. Oldin bo‘lak-bo‘lak nazorat bo‘lgan bo‘lsa, endi barcha jarayon bitta tizim orqali kuzatiladi.
Ikkinchidan, hujjatlar shunchaki qog‘oz uchun emas, balki yagona standart asosida yuritiladigan tizimga o‘tkazildi. Ya’ni istalgan payt ochib tekshirsa bo‘ladigan, shaffof va izchil tizim yaratildi.
Uchinchidan, “arzonroq bo‘lsa bo‘ldi” degan yondashuvdan voz kechildi. Endi loyihalashda birinchi o‘rinda xavfsizlik turadi. Qurilish materiallari va texnologiyalariga qo‘yiladigan talablar keskin kuchaytirildi.
To‘rtinchidan, yashirin qoladigan ishlar, ya’ni keyingi bosqich yopib yuboradigan jarayonlar majburiy nazorat ostiga olindi. Har bir bosqich hujjatlashtiriladi va saqlanadi.
Beshinchidan, kim nima uchun javobgarligi aniq belgilab qo‘yildi. Buyurtmachi, pudratchi, ishlab chiqaruvchi — hammaning mas’uliyati qonuniy tarzda ochiq yozildi.
Oltinchidan, qurilish materiallari endi shunchaki sertifikati boʻlgani bilan qabul qilinmaydi. Ular mustaqil laboratoriyalarda, kompleks tarzda sinovdan o‘tkazilib, tasdiqlanadi.
Yettinchidan, javobgarlik tizimi muhim sanaladi. Agar yong‘in yuz bersa, sabab zanjiri oxirigacha tekshiriladi. Bu quruvchining xatosimi, ishlab chiqaruvchiningmi yoki nazoratdagi bir kamchilikmi? Hammasi aniqlanadi.
Shundan soʻng butun Buyuk Britaniya bo‘ylab yonuvchan fasadli binolar aniqlanib, davlat hisobidan ularni almashtirish dasturi yo‘lga qo‘yilgan va bu jarayon hali ham davom etyapti.
Xulosa qiladigan boʻlsak, katta yong‘inlar faqat hodisa emas, tizimni tekshiradigan sinov “Qurilishdagi qonun-qoidalar inson qoni bilan yozilgan” deb bekorga aytilmaydi. Bu kabi fojialardan kerakli xulosa chiqaramiz degan umiddaman. Aks holda tarix takrorlanadi.
Обсуждение 0
Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.
Обсудить в Telegram