Qurilishda xavfsizlik. Raqamlar ortidagi haqiqat
Ko‘pchiligimiz qurilishda mehnat muhofazasi degan tushuncha borligini bilamiz. Lekin u amalda qanchalik ishlayapti? Bu savol hali-hanuz ochiq qolyapti. Shu nuqtayi nazardan ham Buyuk Britaniya tajribasiga qarab, ayrim xulosalar qilsak boʻladi.
Buyuk Britaniyada bu yo‘nalish bilan maxsus davlat organi — HSE (Health and Safety Executive) shug‘ullanadi. U deyarli barcha sohalarda: qurilish, transport, qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish va boshqa yo‘nalishlarda ishchilarning hayoti va sog‘ligini himoya qilishga mas’ul.
Ular har yili ochiq statistik hisobot beradi. Masalan, 2024/2025-yil hisobotiga
ko‘ra, 124 nafar ishchi mehnat faoliyati davomida halok bo‘lgan. Eng katta ulush (35 ta holat) esa qurilish sohasiga to‘g‘ri keladi. Bu degani, deyarli har 10 kishidan 3 nafari aynan qurilishda halok bo‘lgan.
Keyingi o‘rinlarda qishloq xo‘jaligi va transport turibdi. Bu sohalar umumiy o‘lim holatlarining yarmiga yaqinini tashkil qiladi. Ya’ni eng katta xavf aynan shu yo‘nalishlarda jamlangan.
Bu nima degani? Hatto xavfsizlik tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan davlatda ham qurilish eng xavfli sohalardan biri bo‘lib qolyapti. Shu sababli bu yerda xavfsizlik qoidalari faqat qog‘ozda emas, real nazorat, jarima, javobgarlik va doimiy monitoring orqali ishlaydi.
Agar O‘zbekistonda ham qurilish sohasida alohida ochiq statistika yuritilsa, o‘lim va og‘ir jarohatlar bo‘yicha ma’lumotlar muntazam e’lon qilinsa, bu tizimni tubdan o‘zgartirishga xizmat qilgan boʻlardi. Asosiysi, shunday qilinsa, tizimda javobgarlik va shaffoflik paydo bo‘ladi.
Masalan, har bir baxtsiz hodisa ommaga ochiqlanishi, sabablar tahlil qilinishi, javobgar shaxslar ko‘rsatilishi, profilaktik choralar ishlab chiqilishi mumkin. Bundan tashqari, ishonch telefonlari yoki anonim murojaat tizimi ham yo‘lga qo‘yilsa, ishchilar o‘z muammolarini bemalol yetkaza olardi. Bu esa ko‘plab fojialarning oldini olishga yordam beradi deb oʻylayman.
Xavfsizlik hujjat emas, tizim. U faqat nazorat, ochiqlik va real javobgarlik orqali ishlaydi. Agar shu uchta omil boʻlsa, qurilishdagi eng katta muammo sanalgan inson hayotiga xavf sezilarli darajada kamayadi.
Обсуждение 0
Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.
Обсудить в Telegram