avatar
Doniyorbek Muminov | Qurilish bo'yicha mutaxassis
@MuminovDoniyorbek
01.04.2026 13:36
Qurilish vaqtida atrof-muhitni himoya qilish tartibi qanday ishlashi kerak?

Yaqinda O‘zbekistonda qurilish jarayonida atrof-muhitga ta’sirni kamaytirish bo‘yicha yangi tartib ishlab chiqilayotgani haqida xabar chiqdi. Men ham Buyuk Britaniyada bu masala qanday yo‘lga qo‘yilganini eslab, qisqacha tahlil qilishni lozim topdim.

Ushbu mamlakatda qurilish boshlanishidan oldin CEMP, ya’ni Construction Environmental Management Plan degan majburiy hujjatga tayaniladi. Oddiy aytganda, bu qurilish atrof-muhitga qanday zarar yetkazmasligi kerakligi bo‘yicha oldindan yozib qo‘yilgan, realda ishlaydigan aniq reja.

Chang masalasi. Qurilishda chang chiqishi tabiiy, lekin uni nazoratsiz qoldirish mumkin emas. Shu sababli suv sepish, materiallarni yopish, yuk mashinalari g‘ildiraklarini yuvish kabi chora-tadbirlar majburiy tartibda ko‘rsatiladi. Ya’ni “chang chiqmasin” degan umumiy gap emas, balki aynan qanday usul bilan kamaytirilishi yoziladi.

Shovqin. Past shovqinli uskunalar, imkon qadar elektr texnikadan foydalanish, vibratsiyani kamaytirish oldindan rejalashtiriladi. Hatto qoziqni qoqish ishlari ham imkon qadar urib emas, burg‘ulab bajariladi. Sababi oddiy — atrofdagilarga kamroq noqulaylik va yaqin binolarga kamroq xavf.

Ish vaqti. Qurilish 24/7 emas. Aniq chegaralar bor: ish kunlari 8:00–18:00, shanba qisqartirilgan, yakshanba va bayram kunlari esa umuman ishlanmaydi. Bu odamlarning tinchligi uchun joriy qilingan rejim.

Transport. Bu ham alohida boshqariladi. Qayerdan kirish, qayerdan chiqish, qaysi yo‘llardan yurish oldindan rejalashtiriladi. Ayniqsa maktab, bog‘cha yoki aholi zich joylarda bu yanada qat’iy nazorat qilinadi. Qurilish maydoni esa, albatta, yopiladi. Bu nafaqat xavfsizlik, balki chang va shovqinni ham ma’lum darajada ushlab turadi. Begona odam kirishi deyarli imkonsiz bo‘ladi.

Chiqindilar. Quruvchi xohlagan joyga chiqindini olib borib tashlab ketolmaydi. U faqat litsenziyaga ega kompaniyalar orqali olib chiqiladi, saralanadi va qayta ishlanishi ham nazorat qilinadi. Aks holda juda jiddiy jarima solinadi.

Jamoatchilik bilan ishlash. Har bir obyekt oldida aloqa ma’lumotlari (telefon, email) bo‘ladi. Shikoyatlar yozib olinadi, qayd etiladi va ularga javob berish tizimi ishlaydi. Ya’ni “bezovta bo‘lyapmiz” degan gap havoda qolib ketmaydi.

Monitoring. Chang va shovqin darajasi muntazam tekshiriladi. Agar shikoyatlar ko‘paysa, maxsus o‘lchov uskunalari o‘rnatiladi va real ko‘rsatkichlar asosida chora ko‘riladi.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsam, bu tizimning maqsadi qurilishni to‘xtatish emas, balki uni tartib bilan, atrofdagilarga minimal zarar yetkazgan holda amalga oshirish. O‘zbekistonda ham shunaqa yondashuv to‘liq ishlasa, qurilish bilan bog‘liq eng katta muammolar ancha kamayardi. Shu sababli, savol tugʻiladi: joriy etilayotgan yangi tartib qog‘ozda qolib ketadimi yoki real ishlaydigan tizimga aylanadimi? Shudir masala.
👍 13
6
7 895

Обсуждение 0

Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.

Обсудить в Telegram

Doniyorbek Muminov | Qurilish bo'yicha mutaxassis

825
Qurilish bo'yicha mutaxassis Doniyorbek Muminovning kanaliga xush kelibsiz!

🏗 Construction Manager | Buyuk Britaniya, Xitoy, O‘zbekiston, Rossiya tajribasi.
Открыть в Telegram