Hammani xabari bor, yaqinda Toshkentdagi tunnellardan birida yon devorlar qulab tushgani natijasida odamlar hayoti va jamiyat xavfsizligiga jiddiy xavf tug‘dirgan holat yuz berdi. Men shu vaziyatni ko‘rib, o‘zimga "agar shunday hodisa Buyuk Britaniyada sodir bo‘lganida, tizim qanday ishlagan bo‘lardi va buni oldini olish uchun qanday mexanizmlar qo‘llanilgan bo‘lardi?" deb savol berdim.
Avvalo, bu yerda har qanday qurilish ishlari boshlanishidan oldin buyurtmachi pudratchini sinchiklab tekshiradi. Ya’ni kompaniyaning aynan shu turdagi ishni bajarishga real malakasi, tajribasi va resurslari bor-yo‘qligi mustaqil ravishda baholanadi. Bu tizimning birinchi filtri.
Keyingi bosqichda loyiha tashkilotining majburiy sug‘urtasi bo‘ladi. Men buni juda muhim mexanizm deb hisoblayman. Chunki loyiha xatolari sababli keyinchalik zarar yoki qo‘shimcha xarajat yuzaga kelsa, bu xarajatlar loyiha tashkiloti emas, balki uning sug‘urtasi orqali qoplanadi. Shu sababli har bir loyihachi kompaniyadan sug‘urta polisi talab qilinadi.
Qurilish kompaniyalari uchun esa talablar yanada qat’iyroq. Odatda, ular ikki turdagi asosiy sug‘urtaga ega bo‘lishi shart:
Employer liability insurance — ishchilar hayoti va sog‘lig‘i uchun (kamida 5 million funt sterling)
Public liability insurance — uchinchi shaxslar va mulkka yetkazilishi mumkin bo‘lgan zararlar uchun (kamida 5 million funt sterling)
Shu sug‘urtalarsiz kompaniya ish boshlay olmaydi.
Agar loyiha yirik bo‘lsa (odatda 5 million funt sterlingdan yuqori), qo‘shimcha ravishda Contractors All Risk (CAR) sug‘urtasi talab qilinadi. Bu sug‘urta qurilish jarayonidagi deyarli barcha risklarni qamrab oladi va uning qiymati odatda kontrakt summasining 1–4 foizini tashkil etadi. Agar quruvchi aybi bilan hodisa yuz bersa, barcha xarajatlar aynan shu sug‘urta orqali qoplanadi.
Endi eng muhim qism hodisa sodir bo‘lgandan keyingi jarayon.
Men ko‘rgan tizimda bu ikki yo‘nalishda ko‘rib chiqiladi:
Birinchisi — fuqarolik (civil) javobgarlik. Bu yerda kompaniya yetkazilgan zararni to‘liq qoplab beradi: jabrlangan shaxslarga, jamiyatga yoki mulkka.
Ikkinchisi — texnik xavfsizlik (health and safety) bo‘yicha tekshiruv. Maxsus organlar hodisani chuqur o‘rganadi va aniq kim aybdor ekanini aniqlaydi: muhandismi, loyihachimi yoki quruvchi tashkilotning o‘zimi. Aybdor topilgach, u albatta jazolanadi.
Agar masala tizimli xato yoki kompaniya darajasidagi loqaydlik bilan bog‘liq bo‘lsa, unda yanada jiddiy choralar qo‘llanadi. Buyuk Britaniyada bu borada alohida qonunchilik mavjud bo‘lib, inson hayotiga xavf tug‘dirgan holatlar uchun kompaniyalar katta miqdorda jarimaga tortiladi.
Masalan:
oddiy qurilish konstruksiyasi qulab tushgani uchun kompaniya 500 ming funt sterling jarima to‘lagan;
qazish ishlari vaqtida tuproq o‘pirilishi bo‘lgan holatda, hatto hech kim zarar ko‘rmagan bo‘lsa ham, loqaydlik uchun 380 ming funt sterling jarima qo‘llangan.
Agar esa inson halok bo‘lsa, masala jinoiy ish darajasiga chiqadi. Bunday holatda jarima miqdori cheklanmaydi va kompaniyaning umumiy aylanmasidan (turnover) kelib chiqib foiz asosida belgilanadi. Ya’ni kichik loyiha bo‘lsa ham, katta kompaniya bo‘lsa jarima ham katta bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, menimcha, bu tizimning kuchli tomoni javobgarlikni boshidan oxirigacha sug‘urta, nazorat va qat’iy jazolar orqali yopib qo‘yilganidadir. Natijada kompaniyalar xavfsizlikka majburan emas, iqtisodiy va huquqiy bosim tufayli jiddiy qaraydi.
Обсуждение 0
Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.
Обсудить в Telegram