Poytaxt hokimi “Qichqiriq” kanali qirg‘og‘i va shu nomdagi mahallada olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi
Aholi uchun qulay, xavfsiz va zamonaviy shahar muhitini yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar doirasida Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov “Qichqiriq” kanali sohil bo'yi va shu nomdagi mahallaga tutash hududlarda olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari jarayoni bilan tanishdi.
Kanal bo‘ylab barcha yoshdagi aholining maroqli hordiq chiqarishi uchun mo‘ljallangan yangi jamoat maskani barpo etilmoqda. Loyihada sayr va dam olish hududlari, kuzatuv maydonchasi, sharshara, favvoralar, qirg‘oqbo‘yi kafelarini tashkil etish, shuningdek, O‘zbekistonning mashhur me’moriy yodgorliklarining kichraytirilgan nusxalarini joylashtirish ko‘zda tutilgan.
Loyihaning asosiy parametrlari:
— obodonlashtirilayotgan hududning uzunligi — 2,4 km;
— piyodalar yo‘lagining kengligi — 5,2 m;
— granit qoplama maydoni — qariyb 12 400 m²;
— obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish maydoni — 10 680 m²;
— 100 ta yoritish uskunasi;
— 84 ta videokuzatuv kamerasi;
— 2 ta favvora;
— tarixiy obidalarga bag‘ishlangan 13 ta haykaltaroshlik kompozitsiyasi;
— 100 ga yaqin o‘rindiq va maxsus chiqindi qutilari;
— 6 ta suv tegirmoni;
— suv havzasi ustidagi maydonchaning yuzasi — qariyb 400 m².
Ko‘zdan kechirish chog‘ida hokim bir qator kamchiliklarni ko‘rsatib, aniq tuzatishlar kiritdi va loyihani yanada amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Mutasaddilarga ish sur’atlarini sifatni pasaytirmagan holda jadallashtirish, qulay va xavfsiz shahar muhitini yaratish, obodonlashtirish sifati, ko‘kalamzorlashtirish, qulay sayr yo‘nalishlari hamda jamoat maskanlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratish topshirildi.
Shuningdek, Shavkat Umurzakov qirg‘oq hududida aholi hordiq chiqarish bilan birga mutolaa qilishi mumkin bo‘lgan maskan — kitob-kafe tashkil etishni topshirdi. Bundan tashqari, yaqin atrofda bolalar bog‘chasi joylashganini inobatga olib, farzandlarini kutib oladigan ota-onalar uchun qulay kutish hududini yaratish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Mahallada Shavkat Umurzakov piyodalar infratuzilmasini rivojlantirish va hovlilarni obodonlashtirish ishlari bilan ham tanishdi. U bolalar, oilalar va keksa avlod vakillari uchun xavfsiz va qulay makon — avtomobilsiz hovlilar yaratish ustuvor vazifa bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Ushbu yondashuvni amalga oshirish uchun hovlilar tashqarisida yetarli miqdorda avtoturargohlar tashkil etish, qulay piyoda yo‘llarini ta’minlash, favqulodda vaziyatlar va kommunal xizmatlar uchun to‘siqsiz kirish imkoniyatini saqlab qolish, shuningdek, jamoat joylari barcha aholi uchun maksimal darajada qulay va ochiq bo‘lishini ta’minlaydigan sharoitlar yaratish topshirildi.
YouTube |
Facebook* |
Instagram* |
Web-site |
Telegram-bot
Обсуждение 0
Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.
Обсудить в Telegram