Uzum O‘zbekistonda birinchi bo‘lib YеTBdan mablag‘ oldi. Fintex kuchi

Yevroosiyo taraqqiyot banki va Uzum o‘rtasida $70 mlnlik kredit shartnomasi imzolandi.

Katta summa, lekin bitim faqat shu jihati bilangina qiziqarli emas.

Bank, nomidan ham ko‘rinib turganidek, Yevroosiyo mamlakatlarining tezroq rivojlanishiga ko‘maklashadi.

Dastlab uning tarkibiga faqat Rossiya va Qozog‘iston kirgan, keyinroq boshqa davlatlar ham qo‘shilgan: Armaniston, Belarus, Qirg‘iziston, Tojikiston… Yaqinda esa O‘zbekiston ham a’zo bo‘ldi.

YеTB hamma joyda oddiy banklar qilmaydigan ishni amalga oshiradi — butun iqtisodiyot uchun muhim bo‘lgan yo‘nalishlarni rivojlantirishga uzoq muddatli mablag‘lar taqdim etadi.

Aynan shuning uchun ham bank ko‘pincha energetika, transport, logistika yoki boshqa yirik infratuzilma sohalaridagi loyihalarni moliyalashtiradi.

Biroq bankning O‘zbekistondagi ilk loyihasi Uzum raqamli kompaniyasi bo‘ldi.

Bu g‘ayrioddiy, ammo diqqatga sazovor holat — mamlakatimizda naqd pul va yashirin iqtisodiyot hali ham katta.

Bunday sharoitda fintex strategik sohaga aylanadi, chunki u nafaqat iqtisodiyotni “oqartiradi”, balki uni kengaytiradi ham.

Ha, odamlar uchun to‘lov qilish, xaridlar qilish, muddatli to‘lovga olish, pul saqlash va moliyaviy mahsulotlardan foydalanish qanchalik osonlashsa, kompaniyalar, pul aylanmasi, ish o‘rinlari va soliqlar ham shunchalik tez o‘sadi.

Uzum Fintech hozirda onlayn to‘lovlar bozorining 13 foizini va muddatli to‘lov bozorining 40 foizini egallab turibdi. Ekotizim 5 mlndan ortiq karta chiqardi va qisqa vaqt ichida 1,2 trln so‘mdan ortiq omonatlarni jalb qildi.

Bu kuchli natijalar, ammo qo‘shimcha moliyalashtirish bo‘lsa, fintexning, ayniqsa, Toshkent va boshqa yirik shaharlardan tashqaridagi hududlarga kirib borishini tezlashtirish mumkin.

Endi u bor.

Foto: Uzum

@skartariss

#uzum #fintech
👍 9
5
🤬 2
🔥 1
👏 1
9 1.4K
O‘zbekistonda dasturlash shu qadar tez o‘smoqdaki, butun bir soha o‘zgarib bormoqda

Uzoq vaqt davomida mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosan telekomdan iborat edi.

Masalan, yaqindagina, 2021-yilda telekom ulushi 73 foizni, dasturlash esa 14 foizni tashkil etgan.

2026-yilga kelib hammasi keskin o‘zgardi: dasturlash 46 foizgacha o‘sdi, telekom ulushi esa 33 foizgacha pasaydi.

Bu telekomning hajmi kichrayganini anglatmaydi.

Aksincha, u deyarli ikki barobarga o‘sib, 7,8 trln so‘mdan 15,5 trln so‘mga yetdi.

Shunchaki dasturlash ayni shu vaqt ichida qariyb 15 barobarga — 1,5 trln so‘mdan 22 trln so‘mga o‘sdi.

Bu sur’atlarni IT Park misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.

2021-yilda rezidentlar 2,5 trln so‘mlik xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 32,1 trln so‘mga yetdi.

Shu davr mobaynida eksport hajmi $46 mlndan $728 mlngacha o‘sdi.

Biroq, doim bunday tez sur’atda o‘sishning iloji yo‘q, shu sababli endi yangi o‘sish manbalari zarur.

Shulardan biri — Enterprise Uzbekistan. Bu “mamlakat ichidagi mamlakat” ko‘proq pul va kompaniyalarni jalb qilish imkonini beradi.

Yana bir o‘sish manbayi — infratuzilma.

Ayni paytda DataVolt kompaniyasi Toshkentdagi IT Park hududida ma’lumotlar markazini qurmoqda, YTTB esa ushbu loyiha uchun $78 mln kredit ajratishni ko‘rib chiqmoqda.

Birinchi bosqichda u 12 MVt neytral quvvat yaratadi, undan turli mijozlar: mahalliy kompaniyalar, davlat tuzilmalari va boshqalar foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Bularning barchasi keyingi o‘sish bosqichi uchun zarur.

Bunga imkoniyat bor: AKT hajmi deyarli 50 trln so‘mga yetgan bo‘lsa-da, bu hali O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining atigi 2,7 foizini tashkil etadi.

Ya’ni, soha kattalashgan, lekin salohiyati bundan ham katta.

@beshtorr

#itpark #iqtisodiyot
👍 17
4
👏 2
21 2.3K