Suvsiz qolgan miyaning samaradorligi mast miya bilan bir xil.
Buyuk Britaniyaning Loughborough universiteti olimlari 2015-yilda haydovchilar ustida
tadqiqot o‘tkazishgan. Tadqiqotga ko’ra tanasida suv yetishmagan haydovchilarning avtomobil haydashda yo‘l qo‘yadigan xatolar soni (yo‘ldan chiqib ketish, kech tormoz berish) ikki baravarga ortgan. Bu ko‘rsatkich qonida 0.08% alkogol bo‘lgan haydovchining xatolari bilan bir xil darajada.
Organizmda suv yetishmasligi (degidratatsiya) shunchaki chanqoq hissi emas, balki miya faoliyatining keskin pasayishiga olib keladigan jiddiy biologik jarayon. Tushinishingiz uchun inson miyasining qariyb 75-85% qismi suvdan iborat. Shuning uchun tana umumiy vaznining atigi 2% miqdorida suv yo‘qotsa (masalan, 70 kg vaznli odam uchun 1.4 litr) miya favqulodda holatga o’tadi, miya hujayralari biroz kichrayadi va natijada hujayralararo aloqa sustlashadi.
Miyangiz uchun haydovchilik qilish yoki murakkab hisobot tayyorlash bir xil resursni talab qiladi. Shu sababli kundalik hayotimizda ham suvsizlikdan ba’zi muammolarga duch kelishimiz mumkin.
Masalan, “miya tumani” deyiladigan holatda siz biror-bir matnni o‘qib mazmunini tushunmaysiz va yana qaytadan o‘qishga majbur bo’lasiz. Natijada ish unumdorligi pasayadi va 1 soatda bitadigan ishga 2-3 soat vaqt sarflaysiz.
Yoki tushlikdan keyin uyqungiz kelsa, buni "ko‘p ovqat yeganimdan" deb o‘ylaysiz. Aslida esa, tana ovqatni hazm qilish uchun hamma suvni oshqozonga yo‘naltiradi va miyada qisqa muddatli suvsizlanish yuzaga keladi. Natijada sizni charchoq va uyqu bosadi. Tana suvsizlashgandan keyin esa kortizol miqdori oshadi va arzimas narsalarga ham asabiylashadigan bo’lib qolasiz.
Bu postdan faqatgina suv ichsam barcha muammodan xalos bo’laman degan tushuncha chiqarmaslik kerak. Tanamiz mexanizmi murakkab tuzilgan va unda suv me’yorini ushlab turish shu mexanizmning bir qismiga ta’sir o’tkazadi xolos.
Tananing suv ehtiyojini qondirish uchun chelaklab suv ichish shart emas. Shunchaki ertalab uyg’onganingizdan keyin bir stakan suv iching. Chunki tuni bilan yo‘qotilgan suvni tiklashingiz kerak. Bundan tashqari kun davomida ham oz miqdordan suv ichib yurishni odat qiling. Chanqoq hissini kutish shart emas. Chanqash miyangiz yuboradigan eng oxirgi signal hisoblanadi. Aslida organizm ishlashi uchun doim suv kerak bo’ladi.
Обсуждение 0
Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.
Обсудить в Telegram