Nega samolyotda biznikilar uxlaydi, yevropaliklar esa o‘qiydi?
Samolyotda uchganingizda yevropalik yo‘lovchilarning deyarli har biri qo‘liga kitob, jurnal yoki elektron rider oladi. Bizning yurtdoshlarimizda esa bu manzara kamdan-kam uchraydi.
Buning bir necha sabablari bor va ularni bugun ko’rib chiqamiz. Birinchidan, g‘arb jamiyatida o‘qish – hordiq chiqarish vositasi. Bolalikdan kitob ko‘ngilochar narsa sifatida singdiriladi. Bizda esa mutolaa uzoq vaqt davomida faqat "imtihon topshirish", "diplom olish" yoki "vazifa bajarish" bilan bog‘lanib kelgan. Natijada inson samolyotga dam olish uchun chiqqanda, tabiiyki, o‘zini "ishlatishni" (o‘qishni) xohlamaydi.
Ikkinchidan yevropaliklar individualistik jamiyatda yashaydi. Kitob ular uchun atrofdagilar bilan muloqot qilmaslik, o‘zining shaxsiy hududini himoya qilish va begonalardan "himoyalanish" vositasi hisoblanadi. Bizning odamlarimiz esa ekstravertroq biz uchun yonimizdagi odam bilan tanishish, suhbatlashish yoki shunchaki atrofdagilarni kuzatish kitobdan ko‘ra jonliroq va qiziqroq tuyuladi.
Uchinchidan, rivojlangan davlatlar kitobxonlik bosqichini bosib o‘tib, keyin raqamli dunyoga kirishgan. Bizda esa xalq endigina erkin kitobxonlikka o‘tayotgan bir paytda internet va ijtimoiy tarmoqlar (Reels, TikTok) kirib kelgan. Natijada miyamiz kitobdan olinadigan murakkab zavqdan ko‘ra, smartfondan keladigan "oson dofamin"ni afzal ko’radi.
Yana bir sababi esa g‘arblik yo‘lovchi uchun samolyotdagi 3-4 soat o‘z intellektual kapitaliga investitsiya kiritish uchun "tashqi dunyodan uzilgan" ideal vaqt. Bizda esa vaqt tushunchasiga ko‘pincha investitsiya qilinadigan aktiv emas, shunchaki o‘tkazilishi kerak bo‘lgan resurs sifatida qaraladi.
Обсуждение 0
Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.
Обсудить в Telegram