avatar
Abdusattor
@abdusattor
21.07.2025 10:50
Pessimistik odamlar - yashirin parazitlar

Bunday odamlarni aniq bilasiz. Ularga yangi g‘oya aytsangiz, “bo‘lmaydi” deydi. Harakat qilsangiz, “foydasi yo‘q” deydi. Siz orzu qilsangiz, ular kuladi.

Ular sizdan pul so‘ramaydi. Ammo eng qimmat narsangizni - ichki ishonchingizni va g‘ayratingizni so‘raydi.

Ba’zilar hayotning faqat yomon tomonini ko‘radi. Ular uchun bu go‘yoki aqllilik, “realistlik”.

Lekin aslida bu - harakat qilmaslikni oqlash usuli.

“Baribir foydasi yo‘q”, “Bu yerda hech narsa o‘zgarmaydi”, “Hamma narsa allaqachon bo‘lgan” degan gaplar - bu shunchaki bahona. Sinab ko‘rmaslik uchun, yutqazmaslik uchun, javobgarlik olmaslik uchun bahona.

Pessimist - sinab ko‘rishga jur’at topolmagan odam.

U boshqalarning intilishini kulgi bilan qarshi oladi. Orzularni “bolalarcha” deb biladi. Boshqalarga achinish orqali o‘zini ustun his qiladi.

Ammo aslida u faqat o‘zini himoya qilmoqda. Chunki harakat qilish og‘ir. Mas’uliyat olish qo‘rqinchli.

Pesimizm esa tinch. U hech narsa talab qilmaydi. “Men aytgandim” degan gap esa unga yolg‘on tasalli beradi.

Ammo oxir-oqibat natija bir xil: hech nima o‘zgarmaydi.

Va u ham buni juda yaxshi biladi.

Albatta, pessimistlarning barchasi bir xil emas. Ba’zilar hayotga salbiy nigoh bilan qarasa-da, baribir harakat qiladi, mas’uliyat oladi, o‘z yo‘lini izlaydi. Gap ular haqida emas.

Bu yerda biz passiv pessimistlar haqida gapiryapmiz. Ya'ni hayotga faqat salbiy tomondan qarab, hech narsa qilmaslikni shu bilan oqlayotgan odamlar haqida.

Men optimist bo‘ling demayapman. Yolg‘on ruhlantiruvchi gaplar ham aytmayman.

Lekin bir haqiqat bor: har qanday jamiyatda o‘sish, rivojlanish, o‘zini ko‘rsatish uchun imkoniyatlar mavjud.

Muammo imkoniyatlarda emas - ularni ko‘ra olmaslikda. Ishona olmaslikda.

Agar ko‘ra olsangiz va ishona olsangiz - sizga yetarli bo‘ladi. Qolgani - harakat.

@abdusattor
🏆 2063
911 139.4K

Обсуждение 0

Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.

Обсудить в Telegram

Abdusattor

61.8K
Shaxsiy rivojlanishga oid maqsadli kanal

✉️ Takliflar uchun: @AbdusattorFD_bot

Maqsad Club: @maqsadobuna
Открыть в Telegram