***
Qandoq davralarni qilgandim havas,
Qandoq davralarni istardi ruhim.
Bu yo'lni tezda tark etmoq kerak, bas,
Yo'qsa tushib borgay tushgan shukuhim.
Nimani xohlardim, nega yetdim men,
Bilaman, juda ham jimib ketdim men,
O'zimni o'zimga asir etdim men,
O'nglanmasam bo'lmas, bu juda muhim.
Dilimda borini to'ksam qog'ozga,
O'shanda yetolgum eldan e'zozga,
Zamon aylantirmay zamonasozga,
Uyg'onishim kerak kelmasdan uyqum.
Ko'plar ichidaman, o'zim qaniman,
Na bir mohiyatman, na bir ma'niman,
Men she'rsiz shoirning ruhsiz taniman,
So'z bilan tiklansa tiklangay ruhim.
Qandoq manzillarni ko'zlagan edim,
Buyuk maqsadlardan so'zlagan edim,
Izlagan edim men, izlagan edim,
Tezda ortga qaytsin ketgan shukuhim.
Обсуждение 0
Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.
Обсудить в Telegram