Ulan-Batordan Toshkentga: Nagoya universiteti bitiruvchilarining navbatdagi xalqaro anjumani O‘zbekistonda o‘tkaziladi
Mo‘g‘ulistonning Ulan-Bator shahrida “Nagoya University Alumni Gathering Mongolia 2026” xalqaro anjumani o‘tkazildi.
Anjumanda Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, yuridik fanlar doktori Farrux Tuychiyev taqdimot bilan ishtirok etdi.
TDYU vakili xalqaro tadbirda “O‘zbekistonda nodir yer elementlari va muhim minerallar: yangi resurslar iqtisodiyoti sharoitida transchegaraviy ekologik boshqaruv” (“The Rare Earth and Critical Minerals in Uzbekistan: Cross-Border Environmental Governance in the New Resource Economy”) mavzusidagi tadqiqotini taqdim etdi.
Taqdimotda bugungi global iqtisodiyot uchun strategik ahamiyati tobora ortib borayotgan nodir yer elementlari va muhim minerallarning O‘zbekiston uchun iqtisodiy istiqbollari, Markaziy Osiyoda qazib olish sanoatining rivojlanishi bilan bog‘liq transchegaraviy ekologik muammolar hamda ekologik zarar oqibatida jabrlangan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda xalqaro xususiy huquq mexanizmlarining o‘rni yoritildi.
“Nagoya University Alumni Gathering” Nagoya universiteti bitiruvchilari, olimlar va turli soha mutaxassislarini birlashtirib, yangi ilmiy g‘oyalar almashish, fanlararo tadqiqotlarni rivojlantirish hamda davlatlar o‘rtasidagi akademik aloqalarni mustahkamlash uchun xalqaro platforma bo‘lib xizmat qildi.
Tadbir doirasida “Nagoya University Alumni Gathering 2027” xalqaro anjumanini Toshkent shahrida o‘tkazish belgilandi.
Обсуждение 0
Обсуждение не доступно в веб-версии. Чтобы написать комментарий, перейдите в приложение Telegram.
Обсудить в Telegram